O‘zbekistonlik qotil Istanbulda yana bir ayolni o‘ldirganiga iqror bo‘ldi
Istanbulning Shishli tumanida topilgan ayol jasadi ortidan tergov yanada kengaydi: qamoqa olingan gumondor yana bir o‘zbekistonlik ayolni o‘ldirib, bo‘laklaganini tan oldi.

Istanbulning Shishli tumanida 24-yanvar kechasi chiqindixona konteyneridan topilgan O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hokimovaning jasadi yuzasidan olib borilayotgan tergov kutilmagan burilish oldi. Ish bo‘yicha qamoqqa olingan asosiy gumondor qo‘shimcha ko‘rsatmasida yana bir o‘zbekistonlik ayolni ham o‘ldirganini tan oldi.
Bu haqda turk matbuoti xabar tarqatdi.
Tergov materiallariga ko‘ra, gumondor G‘ofurjon Akmalxonovich Kamolxo‘jayev qamoqxonada bergan qo‘shimcha ko‘rsatmasida ikkinchi qotillik sodir etilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Ergashaliyeva Sayyora Bahromjon qizi ham shunga o‘xshash usulda o‘ldirilgan.
Avvalroq ayrim nashrlar Durdona Hokimovaning xonadoshi ham yo‘qolib qolgani to‘g‘risida xabarlar tarqatishgan edi.
Tergovchilarning ma’lum qilishicha, 32 yoshli Sayyora Ergashaliyevaning jasadi Umraniya tumanidagi uyda bo‘laklarga ajratilgan va keyinchalik Istanbulning turli nuqtalaridagi konteynerlarga tashlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘ldirilgan ayol ham gumondor bilan tanish bo‘lgan.
Tergov kengaymoqda
Shishlidagi topilma dastlab yakka qotillik sifatida baholangan edi. Biroq qamoqdagi iqror ortidan ish ehtimoliy seriyali jinoyat sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Politsiya gumondor ko‘rsatmalari asosida shaharning turli hududlarida qo‘shimcha dalil izlash ishlarini olib bormoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar videokuzatuv materiallarini qayta tahlil qilmoqda. Ilgari xavfsizlik kameralari orqali ikki nafari o‘zbekistonlik bo‘lgan uch erkak aniqlangani ma’lum qilingan edi. Ular Gurjistonga qochishga urinayotgan vaqtda Istanbul aeroportida ushlangan.
Ishning boshlanishi
Durdona Hokimovaning jasadi 24-yanvar kuni chiqindixonadan topilgan edi. Jasadni chiqindi konteynerlaridan qog‘oz yig‘uvchi fuqaro payqab, politsiyaga xabar bergan. Ekspertiza natijasida shaxs aniqlangan va shundan so‘ng tergov harakatlari boshlangan.
Hozircha tergov sir saqlanmoqda. Turk huquqni muhofaza qiluvchi organlari ikkinchi holat bo‘yicha rasmiy bayonot bermagan. Ish doirasida qo‘shimcha gumondorlar bor-yo‘qligi ham tekshirilmoqda.





