
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi
Yanvar oyi oxirida yog‘ingarchilik va harorat o‘zgarishi tufayli bir qator viloyatlarning tog‘li tumanlarida xavfli holat yuzaga kelishi mumkin.

2026 yilning 27–30-yanvar kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining keskin o‘zgarishi O‘zbekistonning bir qator tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfini oshiradi. Shu munosabat bilan gidrometeorologik xizmat tomonidan aholi va yo‘l harakati ishtirokchilariga ogohlantirish berildi.
Xavf e’lon qilingan hududlar
Qashqadaryo viloyati: Dehqonobod, Kitob, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida;
Surxondaryo viloyati: Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun tumanlarida;
Samarqand viloyati: Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut tumanlarida;
Jizzax viloyati: Baxmal, Zomin tumanlarida;
Toshkent viloyati: Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari (Chotqol tizmasi tog‘lari);
Namangan viloyati: Pop tumanida qor ko‘chish xavfi e’lon qilinadi.
Tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda haydovchilardan xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, zarurat bo‘lmagan hollarda tog‘ yo‘llariga chiqmaslik so‘ralmoqda.





