
Parijda «Anorbank» rahbari o‘g‘irlab ketilgani ma’lum bo‘ldi
03.07.2025 | 13:3012624
Fransiya poytaxtida 23 iyun kuni o‘zbek moliyachilari orasida taniqli shaxs bo‘lgan Qahramonjon Olimov o‘g‘rilandi. Qariyb ikki kun davom etgan asirlikdan so‘ng, tovon puli to‘langandan keyin ozod qilindi. Fransiya huquq-tartibot organlari bu holatni jiddiy o‘rganmoqda.

Parijning 8-okrugida 23 iyun kuni Qahramonjon Olimov o‘g‘irlab ketildi. U O‘zbekistonda «Anorbank»ning yagona aksiyadori hisoblanadi va bank orqali 1 milliard dollardan ortiq aktivlar boshqariladi. Shuningdek, u Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya orqali Surxondaryodagi EDS bilan qo‘shma gaz elektr stansiyasi loyihasida ham ishtirok etmoqda.
Olimov Parijga Fransiyadagi hamkorlari bilan muzokaralar olib borish maqsadida kelgan edi. U joriy safar davomida ko‘pchilikka bu haqda ma’lum qilmagan. Safar oldidan faqat notarius, kelgusi hamkori, EDS rahbarlari va o‘zi to‘xtagan Sofitel Ark-de-Triumf mehmonxonasiga xabar berilgan.
Olimov 21 iyun kuni Toshkentdan Istanbul orqali Parijga yetib kelgan. Kelgan kuni mehmonxona barida u o‘zini Anastasiya deb tanishtirgan ayol bilan uchrashgan. Ayol rus va ingliz tillarida gapirgan, Turkiyada go‘zallik salonida ishlashini aytgan. Ammo Olimov uning mutaxassisligiga shubha bilan qaragan, chunki u qimmatbaho kiyimlar va aksessuarlar taqib olgan edi.
Hodisalar rivoji davomida Olimov zo‘rlik bilan Nitssadagi xususiy uyga olib ketilgan va u yerda kaltaklangan. Unga o‘lim tahdidlari qilingan, bo‘yniga pichoq tiralib, yolg‘ondakam qotillik sahnalari namoyon qilingan.
Taxminan ikki kundan so‘ng, tovon puli to‘langanidan keyin Olimov ozod qilingan. Hozirgacha bir nafar gumonlanuvchi «tashkil etilgan guruh tarkibida asir olish» jinoyati bilan qamoqqa olingan.
Fransiyadagi tergovchilar ushbu jinoyat ortida kimlar turgani, voqea moliyaviy muammolar yoki shaxsiy kurashlar bilan bog‘liqmi, degan savollarga javob izlamoqda.





