Qaysi banklar foizsiz avtokredit bermoqda?
Onix, Tracker, Damas va Labo uchun bir nechta bank foizsiz avtokredit taklif qilmoqda. BYD, KIA, Chery, Haval, Hyundai va boshqa avtomobillarda ham 0 foizli kreditlar ko‘paygan. Ammo aksariyat reklamalardagi 0 foizli kreditni katta boshlang‘ich to‘lov bilan qisqa muddatga olish mumkin.
© Foto: Autostrada.uzO‘zbekiston banklari aholiga avtokreditni foizsiz shartlarda ham rasmiylashtirish imkoniyatini avvalgidan ko‘proq taklif qilmoqda. Ayni paytda mahalliy va xorijiy brendlarning o‘nlab avtomobillarini foizsiz kreditga olish mumkin.
Vaqt.uz banklarning 2026 yil 24-iyul holatidagi takliflarini o‘rganib chiqdi. Natijalar Chevrolet avtomobillarida tanlov eng ko‘p ekanini ko‘rsatmoqda. BYD, KIA, Chery, Haval, Changan, Hyundai, Jetour, Soueast, JAC, Leapmotor, Aito, GAC va hatto ayrim premium avtomobillar uchun ham 0 foizdan boshlanadigan kreditlar bor.
Biroq «60 oygacha kredit» va «0 foizdan» degan ikkita shart har doim bir-biriga bog‘liq emas. Ko‘plab banklarda kredit muddati 5 yilgacha bo‘lsa-da, nol stavka faqat dastlabki 6–24 oy uchun amal qiladi.
Chevrolet uchun: Damas’dan tortib Cobalt’gacha
Eng katta tanlov UzAuto Motors avtomobillarida shakllangan. Xususan, Onix va Tracker uchun kamida 12 ta bank stavkasi 0 foizdan boshlanadigan avtokredit taklif qilmoqda.
Ular qatoriga «Mikrokreditbank», «Turonbank», «Apexbank», «Poytaxtbank», «BRB», «Davr bank», «Infinbank», «Asia Alliance Bank», «Hamkorbank», «SQB», «Universalbank» va «Ipak Yo‘li banki» kiradi.
Banklarning bir qismi Onix va Tracker uchun alohida kredit dasturini ochgan. Qolganlari esa UzAuto Motors avtomobillari uchun umumiy avtokredit doirasida ushbu modellarni moliyalashtirmoqda.
Damas xaridorlarida tanlov yanada kengroq. Mazkur avtomobilni 13 ta bankdan foizsiz kreditga olish imkoniyati mavjud. Bular:
«Turonbank»,
«BRB»,
«Davr bank»,
«Tenge bank»,
«Infinbank»,
«SQB»,
«Hamkorbank»,
«Apexbank»,
Bu banklarning deyarli barchasida Labo uchun foizsiz avtokredi rasmiylashtirish mumkin.
Biroq bu banklarda avtomobilni istalgan muddatga foizsiz olish mumkin degani emas. Nol stavka boshlang‘ich badal miqdori, kredit muddati, mijozning rasmiy daromadi va ayrim hollarda ish haqi loyihasida ishtirok etishiga qarab belgilanadi.
Shu sababli bir xil avtomobil uchun bir bank 30 foiz badal va 12 oylik muddatda 0 foiz taklif qilishi, boshqa bank esa nol stavka uchun 50–60 foizgacha boshlang‘ich to‘lov talab qilishi mumkin.
Yaqinda foizsiz avtokredit Chevrolet Cobalt uchun ham taqdim etildi. UzAuto Motors va «Ipotekabank» hamkorligi doirasida avtomobil qiymatining 65 foizi oldindan to‘lansa, qolgan qismini 12 oy davomida 0 foizli bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
BYD uchun qayerda 0 foizli kredit bor?
BYD avtomobillari orasida hozircha eng aniq foizsiz takliflardan biri «Oriyent Finans bank»da mavjud.
Bank BYD Song Plus DM-i 110 km Flagship hamda Chazor 55 km Luxe avtomobillarini kamida 25 foiz boshlang‘ich badal bilan 12, 18, 24 yoki 30 oyga 0 foizli kredit asosida taklif qilmoqda.
«BRB» esa BYD Yuan Up uchun stavkasi 0 foizdan boshlanadigan «Eko drive» avtokreditini taqdim qilgan. Biroq bu yerda nol stavkani olish uchun avtomobil qiymatining 60 foizini oldindan to‘lash va qolgan qismini 12 oyda qaytarish kerak.
«Ipotekabank»da BYD Song Plus DM-i, Song Pro DM-i, e2, Chazor va Song Plus EV avtomobillari uchun kredit stavkasi 0 foizdan 21,9 foizgacha etib belgilangan. Boshlang‘ich badal kamida 25 foiz, kredit muddati esa 60 oygacha. Ammo bankning ochiq sahifasida aynan qaysi badal va muddatda nol stavka qo‘llanishi ko‘rsatilmagan.
«Oriyent Finans bank» Denza B5 va B8 avtomobillari uchun ham 0 foizdan boshlanadigan kredit ochgan. Kredit 30 foizdan boshlang‘ich badal bilan 12 yoki 18 oyga ajratiladi. Stavka tanlangan shartga qarab 13 foizgacha ko‘tarilishi mumkin.
Demak, BYD bo‘yicha eng past boshlang‘ich badalli va shartlari ochiq ko‘rsatilgan taklif «Oriyent Finans bank»ka tegishli: 25 foiz badal bilan 30 oygacha 0 foiz.
KIA, Chery, Haval va Changan uchun takliflar
KIA, Chery, Haval va Changan avtomobillarini kreditlashda «Poytaxtbank», «Milliy bank», «Hamkorbank», «Aloqabank», «Asia Alliance Bank», «Ipotekabank», «Trastbank» hamda «Davr bank» faol taklif bermoqda.
«Poytaxtbank»ning Roodell I dasturida KIA, Chery, Haval va Changan avtomobillarini 25–30 foiz boshlang‘ich badal bilan 12 oyga foizsiz olish mumkin. Boshlang‘ich to‘lov 40 foizga yetganda nol stavkali muddat 18 oygacha, 50 foizda esa 24 oygacha uzayadi.
«Milliy bank» KIA va Chery avtomobillari uchun oddiy mijozlardan kamida 50 foiz boshlang‘ich to‘lov talab qiladi. Bunda 12 oylik kredit stavkasi 0 foiz bo‘ladi.
Ish haqi loyihasi qatnashchilari va budjet tashkiloti xodimlari uchun shartlar nisbatan yengilroq. Ular 30 foiz to‘lov bilan 12 oyga, 40 foiz to‘lov bilan 18 oygacha hamda 50 foiz to‘lov bilan 24 oygacha foizsiz kredit olishi mumkin.
«Hamkorbank»da KIA Sonet, Chery, Changan va Haval uchun alohida dasturlar mavjud. Masalan, KIA Sonet va Haval avtomobillarini 30 foiz boshlang‘ich badal bilan 12 oyga 0 foizli kreditga olish mumkin. Muddat uzayishi bilan stavka ham oshadi.
«Aloqabank» Roodell bilan hamkorlikda KIA, Chery, Haval va Changan uchun bir nechta kredit dasturini taklif qilmoqda. Ayrim dasturlarda 30 foiz to‘lov bilan 12 oylik kredit foizsiz beriladi. Boshlang‘ich to‘lov 60–70 foizga yetganda esa ayrim toifadagi avtomobillar uchun nol stavkali muddat 60 oygacha uzayishi mumkin.
«Asia Alliance Bank»da Roodell avtomobillari, Haval, Changan, Deepal va KIA Sonet uchun stavkasi 0 foizdan boshlanadigan kreditlar bor.
«Ipotekabank» Chery, Changan, Haval va GWM avtomobillarini 30 foizdan boshlang‘ich badal bilan 60 oygacha kreditlamoqda. Stavka 0–15 foiz oralig‘ida, ammo nol stavkaning aniq sharti bank saytida alohida ochiqlanmagan.
«Trastbank» ADM Jizzakh tomonidan ishlab chiqarilgan KIA, Chery, Haval va Changan avtomobillari uchun kamida 25 foiz badal bilan 60 oygacha kredit beradi. Stavka tanlangan shartga qarab 0 foizdan 18,5 foizgacha o‘zgaradi.
«Davr bank»da ham «Roodell Auto», «ADM Auto» va «KIA Tezkor» kabi foizsiz dasturlar mavjud. Biroq bank saytining turli sahifalarida ayrim stavka va muddatlar bir-biridan farq qilmoqda. Shu sababli yakuniy shartlarni bankdan aniqlashtirish talab etiladi.
Hyundai, Jetour va boshqa modellar
Foizsiz avtokreditlar faqat ommabop mahalliy modellarda emas, boshqa brendlarda ham uchramoqda.
«Asia Alliance Bank» Hyundai avtomobillari uchun 30–40 foiz badal bilan 12 oyga foizsiz kredit taklif qilyapti. Boshlang‘ich to‘lov 50 foiz bo‘lganda nol stavkali muddat 20 oygacha, 60–70 foiz bo‘lganda esa 24 oygacha uzayadi.
Bank Jetour va Soueast avtomobillari uchun ham alohida dastur ochgan. Modeliga qarab, 25 foiz badal bilan 12 oydan boshlanadigan 0 foizli takliflar bor. Boshlang‘ich to‘lov 50 foizga yetganda ayrim avtomobillarni 24 oygacha foizsiz olish mumkin.
«Ipak Yo‘li banki» Leapmotor, Aito va GAC avtomobillari uchun Evolution Motors bilan hamkorlikda kredit taklif qilmoqda. Dastur shartlarida 30 foizdan boshlang‘ich badal, 48 oygacha muddat va 0 foizdan boshlanuvchi stavka ko‘rsatilgan.
Biroq bank sahifasida avtomobilning yakuniy shartnoma narxi kredit shartlariga qarab diler tomonidan belgilanishi va o‘zgarishi mumkinligi qayd etilgan. Bu holatda kredit stavkasi nol bo‘lsa ham, avtomobilning kreditdagi narxi asl narxidan farq qilishi ehtimoli bor.
«Ipak Yo‘li banki» Voyah avtomobillari uchun ham 950 mln so‘mgacha va 24 oygacha muddatga 0 foizdan boshlanadigan avtokredit taklif qilmoqda.
«Ipotekabank» Changan, Deepal, Avatr va Nevo avtomobillarini 25 foizdan badal bilan kreditlamoqda. Diler aksiyasi doirasida 12 oygacha 0 foizli muddat mavjud.
Shuningdek, bank Dongfeng EP008, Glory 580 Pro, C31, C32 va boshqa modellar uchun stavkasi 0 foizdan boshlanadigan kredit taqdim qilgan.
Tadbirkorlar uchun ham alohida takliflar bor. Jumladan, «Ipak Yo‘li banki» FOTON tijorat avtomobillarini 0 foizli kreditga taklif qilmoqda. Boshlang‘ich badal oshishi bilan foizsiz muddat 12 oydan 48 oygacha uzayadi.
0 foiz har doim tekinga kredit degani emas
Banklar takliflaridagi asosiy jihat — kreditning umumiy muddati bilan nol stavka amal qiladigan muddatni ajratish kerak.
Masalan, ayrim kreditlar «60 oygacha, stavka 0 foizdan» deb reklama qilinadi. Ammo tarif jadvaliga qaralganda, 0 foiz faqat 6 yoki 12 oylik muddatga qo‘llanishi mumkin. Kreditni 3–5 yilga olgan mijoz esa odatdagi foiz stavkasini to‘laydi.
Nol stavka uchun talab qilinadigan boshlang‘ich badal ham ko‘pincha yuqori. Masalan, «BRB»da BYD Yuan Up’ni foizsiz olish uchun avtomobil qiymatining 60 foizini oldindan to‘lash kerak.
«Ipotekabank» orqali berilayotgan Cobalt avtokreditida ham vaziyat shunday. 0 foizli avtokredit uchun 65 foizlik boshlang‘ich to‘lov talab qilinadi.
Bunday sharoitda bank avtomobil qiymatining nisbatan kichik qismini va qisqa muddatga moliyalashtiradi. Bu esa bankning kredit tavakkalini va foiz xarajatini kamaytiradi.
Bundan tashqari, 0 foizli kredit avtomobil bilan bog‘liq barcha xarajatlar yo‘q degani emas. Mijozdan sug‘urta, garovni baholash, notarial rasmiylashtirish yoki boshqa xizmatlar uchun to‘lov talab qilinishi mumkin.
Ayrim dasturlarda avtomobilning kreditdagi narxi ham asl xarid narxidan farq qilishi ehtimoli bor. Bunday vaziyatda foizning bir qismi avtomobil narxiga yoki diler taqdim qilayotgan boshqa shartlarga singdirilgan bo‘lishi mumkin.
Shu sababli takliflarni faqat reklamadagi foiz stavkasi bo‘yicha taqqoslash yetarli emas. Xaridor bir xil modelning asl narxi, boshlang‘ich badal, kredit muddati, oylik to‘lov, majburiy sug‘urta va yakunda to‘lanadigan jami summani solishtirishi kerak.
Bozorda foizsiz avtokreditlar soni ko‘paygani xaridor uchun tanlovni kengaytirmoqda. Biroq bu dasturlarning aksariyati katta boshlang‘ich mablag‘i bor va qarzni qisqa muddatda yopishga qodir mijozlar uchun foydaliroq.