
Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasidagi «Tajen» punkti yopiq qoladi
2025 yil 1 sentyabrgacha O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi «Tajen» chegara punkti orqali harakat to‘xtatilishi uzaytirildi.

Qozog‘iston Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni bilan kelishilgan holda, «Tajen» nazorat-o‘tkazish punktini vaqtincha yopish rejasi yana to‘rt oyga uzaytirildi. Ushbu qaror fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va chegara infratuzilmasini yangilash ishlarini jadallashtirish maqsadida qabul qilingan.
Mazkur punkt orqali yengil avtomobil, avtobus va 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk mashinalarining harakati 2025 yil 1 fevraldan to‘xtatilgan edi. Hozirda chegara hududida metall konstruksiyalar o‘rnatilib, muhandislik kommunikatsiyalari yangilanmoqda, binolarda kapital ta’mirlash ishlari ketmoqda.
Maydan avgustgacha «QazAvtoJol» kompaniyasi tomonidan «Tajen» va «Davut Ata» chegara punktlari o‘rtasida avtomobil yo‘lini qurish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston ham shunga o‘xshash loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan.
Qozog‘iston rasmiylari 2025 yil 1 sentyabrgacha cheklovni uzaytirish taklifini O‘zbekiston tomoniga taqdim etib, ushbu tashabbus qo‘llab-quvvatlangan. Rasmiy bayonotda fuqarolardan safarlarni rejalashtirishda ushbu o‘zgarishlarni hisobga olish so‘ralgan.





