Rossiya «WhatsApp», «YouTube» va «Facebook»ni to‘liq blokladi
Rossiyada «WhatsApp», «YouTube» va «Facebook» domenlari milliy DNS tizimidan chiqarildi. Endi gap «sekinlashtirish» haqida emas, balki to‘liq bloklash haqida ketmoqda.

Rossiyada bir qator xorijiy servislar va ommaviy axborot vositalariga kirish imkoni amalda butunlay to‘xtatildi. «WhatsApp», «YouTube», «Facebook» va boshqa taqiqlangan platformalar domenlari Milliy domen nomlari tizimidan chiqarilgani xabar qilinmoqda.
Bu safar gap faqat ishlash tezligi pasaytirilishi haqida emas. Resurslar to‘liq «ko‘rinmas» holatga keltirilgan. Foydalanuvchi sayt manzilini kiritganda, tizim uning IP-manzilini aniqlay olmaydi va domen mavjud emasligi haqida xabar beradi.
Shu tariqa mazkur platformalarga kirish amalda to‘liq to‘xtatilgan.
Qaysi resurslar yopildi?
To‘liq blokirovka «WhatsApp», «YouTube» va «Facebook» bilan cheklanmagan. Shuningdek, BBC, «Deutsche Welle», «Radio Svoboda», «Tor» anonim brauzeri va «Instagram» kabi resurslar domenlari ham ishlamay qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu cheklovlar Milliy domen nomlari tizimi orqali amalga oshirilgan. Mazkur tizim «suveren internet» to‘g‘risidagi qonun doirasida joriy etilgan va Roskomnadzor tomonidan boshqariladi.
Rossiya provayderlari 2021 yildan beri aynan shu milliy DNS tizimidan foydalanishi shart. Hukumat mustahkam nazorat o‘rnatish maqsadida muqobil DNS xizmatlarini, jumladan «Google DNS» kabi servilardan foydalanish imkoniyatini bosqichma-bosqich cheklab kelmoqda.
Suveren internet modeli
Mutaxassislar fikricha, domenni DNS tizimidan chiqarish eng oddiy va ishonchli blokirovka usullaridan biri hisoblanadi. Bunda trafikni sekinlashtirish yoki filtrlash talab etilmaydi — sayt manzilining o‘zi «yo‘q» qilinadi.
Bu amaliyot Rossiyada internet makonini tashqi axborot maydonidan izolyatsiya qilish siyosati davom etayotganini ko‘rsatadi. Ilgari «Telegram» va «YouTubega» nisbatan sekinlashtirish choralari qo‘llangan bo‘lsa, endi ayrim platformalarga nisbatan to‘liq o‘chirish mexanizmi ishga tushirilgani aytilmoqda.
Agar bloklash amalda uzoq muddat saqlansa, bu Rossiya raqamli bozorida mahalliy platformalar ulushining oshishiga, shu bilan birga global axborot makonidan ajralib chiqish jarayonining chuqurlashishiga olib kelishi mumkin.





