
Rossiyada avtomobillar parki shiddat bilan «qariyapti»
Rossiyada mashinalarning o‘rtacha yoshi 15 yildan oshdi. Nega avtopark bu qadar tez eskirmoqda va bu nimalarga olib kelishi mumkin?

Rossiya yo‘llarida harakatlanayotgan yengil avtomobillar parki keskin qariyayapti. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi har uchta mashinaning ikkitasining yoshi 10 yildan katta. Bu holat Rossiya avtomobil bozoridagi jiddiy muammolardan dalolat bermoqda.
«Kommersant’» anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda avtomobillarning 72,8 foizi 10 yildan oshgan. Bu 2015 yildagi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p. Hozirgi paytda Rossiyadagi avtomobillarning o‘rtacha yoshi 15,5 yilga yetgan.
Tahlilchilar bu tendensiyaning asosiy sababi — xorijiy avtokonsernlarning Rossiyadan chiqib ketishi va aholida yangi mashina xarid qilish imkoniyati kamayganini qayd etadi. «Avtostat» ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatda 1,57 mln yangi avto sotilgan. Bu avtopark yoshini barqaror saqlash uchun kamida ikki baravar kam hisoblanadi.
Avtomobil narxlari ham aholi uchun og‘ir. «Avtostat» ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil yakunida yangi mashina narxi o‘rtacha 3,12 mln rublga yetdi. 2025 yil boshida esa bozorda sotuv 28 foizga qisqardi. Avtobuslar va yuk mashinalari bozorida esa pasayish 55–60 foizga yetgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, aholidagi asosiy tanlov — eski mashinani saqlash yoki arzonroq, lekin sifat darajasi pastroq mahalliy va xitoy modellarini xarid qilish. Shu bois yo‘llarda xizmat muddati o‘tgan, xavfsizlik talablariga to‘liq javob bermaydigan avto ko‘paymoqda.
Rossiya avtoparkining qarishi nafaqat iqtisodiy, balki ekologik va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni ham kuchaytiradi. Mutasaddilar esa hozircha yangi avtomobillar ishlab chiqarish va sotuvini rag‘batlantirish bo‘yicha samarali dasturlarni taklif qila olmayapti.
Avvalroq yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonda 284 ming 352 ta yengil avto ishlab chiqarilgani va bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 9,18 foizga ko‘pligi haqida xabar bergan edik.





