
Rossiyada OITV ko‘rsatkichlari Afrika darajasiga yetdi
Rossiyada OITV yuqtirib yashayotganlar soni 1,25 mln nafarga yetdi. Infeksiya tarqalish sur’ati Afrika davlatlariga yaqinlashayotgani mutaxassislar tomonidan jiddiy xavotir sifatida qayd etilmoqda.

Rossiyada Odam immuniteti tanqisligi virusi (OITV/VICH) infeksiyasi tarqalishi keskin oshmoqda. Oxirgi bir yil ichida virus tashuvchilari soni 35 ming nafarga ko‘payib, umumiy hisob 1,25 mln kishiga yetdi. Bu haqda Federal OITSga qarshi kurash markazi rahbari, akademik Vadim Pokrovskiy ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mamlakatda 15–50 yoshli aholi orasida OITV yuqtirib yashayotganlar ulushi 1 foizdan oshgan. Ayrim guruhlarda ko‘rsatkich ayniqsa yuqori: 40–45 yoshli erkaklar orasida infeksiyalash darajasi 4 foizga teng — bu har 25-kishi OITV tashuvchisi ekanligini anglatadi.
Pokrovskiyning ta’kidlashicha, rasmiy hisobda turganlar soni 900 ming atrofida, ya’ni ko‘plab bemorlar tibbiy nazoratdan tashqari qolmoqda.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan OITV holatlari soni 890 tani tashkil etadi (raqam har 1000 kishi ichida qariyb 9 kishi virus yuqtirganini anglatadi). Bu Gvineya, Liberiya, Nigeriya kabi Afrika mamlakatlari ko‘rsatkichlariga deyarli teng yoki ayrimlaridan yuqori. Shu bilan birga, Rossiya Fransiya, Buyuk Britaniya va Shvetsiyadan bir necha baravar orqaga qolmoqda.
RF Sog‘liqni saqlash vazirligi qayd etgan eng muammoli hududlar qatoridan Chukotka (79,1 holat), Irkutsk oblasti (75,7) va Samara viloyati (73,7) joy olgan. Eng past ko‘rsatkich Moskva (11,3), Ingushetiya (8,2) va Chechenistonda (4,9) qayd etilgan.
Rossiya yiliga taxminan 70 mlrd rubl OITVni davolash uchun sarflamoqda. Zararlanishning eng keng tarqalgan yo‘li — geteroseksual aloqalar.
Pokrovskiyning ta’kidlashicha, mamlakatda OITVni kechiktirib yoki noto‘g‘ri davolash ehtimoli yuqori bo‘lib qolmoqda. Kuzatuvlar boshlanganidan beri 1,7 mln holat qayd etilgan, ularning har uchtasidan biri halok bo‘lgan.
Ukrainadagi urush boshlangach, Rossiyada OITV diagnostikasi uchun testlar xaridi keskin qisqartirilgan. Hukumat 2035 yilga borib OITV tarqalishini 100 ming aholiga 30 holatgacha qisqartirish rejasini e’lon qilgan, ammo amaldagi tendensiyalar bu maqsadning murakkabligini ko‘rsatmoqda.





