add

Rossiyada shakar, kungaboqar yog‘i va un ishlab chiqarish keskin qisqardi

10.06.2025 | 11:0516444

Rossiyada 2025 yilning birinchi to‘rt oyida shakar, kungaboqar yog‘i va un kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishida jiddiy pasayish kuzatildi. Bunday holatga qimmat kreditlar, soliqlar oshishi, kam hosil va import urug‘lar yo‘qligi sabab bo‘ldi.

Rossiyada shakar, kungaboqar yog‘i va un ishlab chiqarish keskin qisqardi
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–aprel oylarida shakar ishlab chiqarish 32,3 foizga, kungaboqar yog‘i — 15,5 foizga, un — 7,8 foizga kamaygan. Faqat aprel oyida shakar ishlab chiqarish 36 foizga, o‘simlik yog‘i — 15,6 foizga, un — 9,1 foizga qisqargan. Bu 2021 yildan beri birinchi marta Rossiyada umumiy oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishi pasayganini anglatadi. 1-chorakda bu ko‘rsatkich 0,3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, aprel oxiriga kelib 0,7 foizga yetib bordi. Shakar ishlab chiqarishdagi tanazzul, avvalo, mahalliy urug‘larga o‘tish sababli kamaygan qand lavlagi hosili bilan bog‘liq. IKAR institutining baholashicha, mahalliy urug‘lar import urug‘larga qaraganda 20–30 foiz kam hosil beradi. Kungaboqar yog‘i ishlab chiqarishda ham foydasizlik sababli pasayish kuzatildi. Yog‘-moy ishlab chiqaruvchilar uyushmasi vakillari ta’kidlashicha, eksport qilish orqali xom ashyoni sotish daromadliroq bo‘lib qolgan, chunki ichki bozorda narxni oshirishga davlat bosimi to‘sqinlik qilmoqda. Ayrim zavodlar yil boshidan faoliyatini to‘xtatgan. Un ishlab chiqarish ham zararli sohalardan biriga aylandi. Bunda markaziy bankning asosiy stavkasi oshishi va davlat qo‘llab-quvvatlashi qisqarishi katta ta’sir ko‘rsatdi. IKAR rahbari Dmitriy Rilkoning ma’lum qilishicha, un ishlab chiqaruvchi va don korxonalari ommaviy bankrotlik xavfiga duch kelmoqda. 2023 yilda tuxum, 2024 yilda sariyog‘, 2025 yilda esa kartoshka bilan bog‘liq oziq-ovqat inqirozlari qayd etildi. May oyiga kelib, kartoshka narxi 173 foizga oshib, so‘nggi 23 yildagi eng yuqori darajaga yetdi. Kaliningrad oblasti gubernatorligi kartoshka olib chiqishni taqiqladi. RF bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Patrushev tan olishicha, hukumatning oziq-ovqat bozorini barqarorlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlari kechiktirilgan holda joriy etilgan. U 2024 yil oxirida ayrim sabzavotlarga boj to‘lovlari bekor qilinganini eslatdi, biroq bu qarorlar ancha oldin qabul qilinishi lozim edi, dedi u.  

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyada shakar, kungaboqar yog‘i va un ishlab chiqarish keskin qisqardi | Vaqt.uz