add

Samarqandda 7 nafar odamning o‘limiga sababchi bo‘lganlar 7 yilga qamaldi

18.10.2025 | 17:2123283

Samarqand shahrida 7 nafar odam halok bo‘lgan gaz portlashi bo‘yicha ish yakunlandi. Sud gaz ta’minoti filiali rahbari va xodimlarini inson o‘limiga sabab bo‘lgan bee’tiborlik uchun 7 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Samarqandda 7 nafar odamning o‘limiga sababchi bo‘lganlar 7 yilga qamaldi
Samarqand shahrida bir oilaning 7 a’zosi halok bo‘lgan portlash bo‘yicha jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahri sudida ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Zamon» dasturida ma’lum qilindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Spitamen shohko‘chasidagi xonadonlarda gaz tarmog‘i loyiha va texnik talablarsiz tortilgan. Yollanma ustalar noqonuniy ravishda yo‘l ostiga quvur yotqizgan va xavfsizlik qoplamasi qo‘llanilmagan. Natijada yer ostidagi quvurda yettita teshik paydo bo‘lib, gaz markaziy oqova qudug‘iga sizib kirgan. Shu sababdan kuchli portlash sodir bo‘lib, bir oilaning yetti a’zosi halok bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, fojia oldidan xonadon egalari gaz hididan bezovta bo‘lib, «Hududgaz Samarqand»ga 11 marta murojaat qilgan. Biroq tashkilot xodimlari bu haqdagi shikoyatlarga javob qaytarmagan va muammoni bartaraf etmagan. Samarqand shahar sudi «Hududgaz Samarqand» filiali rahbari va uch nafar xodimini Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a» va «b» bandlari bo‘yicha aybli deb topdi. Ularga davlat korxonalarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarini bajarish huquqidan mahrum etilib, yetti yillik qamoq jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, portlash oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolar foydasiga gaz ta’minoti korxonasidan qariyb 6 milliard so‘m tovon undirilishi belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid