add

Shunchaki kiring va ishlang: poytaxtdagi hujjat va pul talab qilmaydigan Top-3 «Book cafe»

16.12.2025 | 14:2310744 daqiqa

Toshkentda «Book cafe»lar — bir piyola choy yoki qahva ustida kitob o‘qish, noutbukda u bu ishlarni bajarib olishga mo‘ljallangan tinch va osuda hududlar ko‘p va ular yoshlarning sevimli maskani hisoblanadi. Bugun ana shunday hududlardan uchtasi haqida fotohikoya taqdim etamiz.

Shunchaki kiring va ishlang: poytaxtdagi hujjat va pul talab qilmaydigan Top-3 «Book cafe»

Ilk manzil — «Asaxiy Books»ning Tashkent City (Bulvar)dagi yangi, premium formatdagi filiali. Bu yer O‘zbekistondagi eng katta kitob do‘konlaridan biri hisoblanadi. Lokatsiya poytaxt markazida ekanligi bilan tashrif buyuruvchilar uchun juda qulay. «Xalqlar do‘stligi» metrosining eskalatorli chiqishidan o‘ngga burilib, Bulvar tomon yursangiz, KFC restorani yonidagi ushbu binoga to‘g‘ri chiqasiz.

bookcafe 01

Do‘konga qadam qo‘yishingiz bilan o‘zgacha iliqlik va shinamlikni his qilasiz. Ma’lumki, kitoblar bor joyda inson ruhiyati tinchlanib, odatdagi hayot tashvishlarini biroz bo‘lsa-da unatadi. Bu yerda aynan shunday aura hukmron.

bookcafe 02

Javonlar xilma-xilligi bilan hayratga soladi: asosiy e’tibor o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi eng sara, original nashrlarga qaratilgan. Til biluvchilar uchun esa turk, fransuz, nemis va ispan tillaridagi adabiyotlardan iborat ixcham, ammo did bilan tanlangan to‘plamlar mavjud.

bookcafe 03

Zamonaviylik va ilm uyg‘unlashgan ushbu maskanda, shuningdek, «smart» auditoriya ehtiyojlariga mos gadjet va texnikalarni ham topishingiz mumkin.

bookcafe 04

bookcafe 05

bookcafe 06

Bino ikki qavatdan iborat bo‘lib, biz izlagan ijodiy makon yuqorida joylashgan. Kitoblar dunyosi bilan uyg‘unlashgan bu hududda zamonaviy dizayndagi shinam mebellar sizga qulaylik yaratadi.

bookcafe 07

Maskan turli uchrashuvlar uchun ham ideal: taqdimot ekrani va mikrofon ham mavjud.

bookcafe 08

Tashrif buyuruvchilarga xalaqit bermaydigan past ovozdagi zamonaviy klassik musiqalar  atmosferani to‘ldirib, kishi xayolini tiniqlashtirishga xizmat qiladi.

bookcafe 09

Bu yerda jajji kitobxonlar ham e’tibordan chetda qolmagan. Ular uchun tashkil etilgan maxsus bo‘limda qiziqarli adabiyotlardan tashqari, mantiqiy fikrlashni rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar hamda qulay stol-stullar bor.. Do‘kon infratuzilmasidagi yana bir yutuq – barcha sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan, toza va shinam hojatxonaning borligi bo‘lib, bu tashrif buyuruvchilarga qo‘shimcha qulaylik ulashadi.

bookcafe 10

Agarda mutolaa yoki ish davomida chanqoq his qilsangiz, uzoqqa borish shart emas — stollarga qo‘yilgan menyudan foydalanib, istalgan ichimlikni xarid qilish imkoniyati yaratilgan.

bookcafe 11

bookcafe 12

Agar siz ham shovqinli shahardan biroz chekinib, ilm va ijod bilan yolg‘iz qolishni istasangiz, «Asaxiy Books» – aynan siz izlagan manzil. Shunchaki keling, ushbu qaynoq muhitdan ilhom oling va vaqtingizni eng foydali sarmoyaga aylantiring.

 

bookcafe 13

Ikkinchi manzilimiz — “Book.uz” kitob do‘konlari tarmog‘ining  ning Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasidagi asosiy filialidir. Mazkur maskan poytaxtdagi boy kitob fondiga ega, turli tillardagi adabiyotlarni o‘zida jamlagan yirik markazlardan biri sanaladi. Lokatsiya borasida ham qiyinchilik yo‘q: eng yaqin metro – «Novza» bekati. Mo‘ljal olish uchun esa shaharliklarga yaxshi tanish bo‘lgan «Parus» savdo markazini olishingiz mumkin — kitob do‘koni uning biqinida joylashgan.

bookcafe 14

Do‘konning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi – bu uning klassik ruhi va boy kitob fondidir.

bookcafe 15

bookcafe 17

bookcafe 16

bookcafe 18

Bu yer haqiqiy kitob ixlosmandlari uchun noyob manzil hisoblanadi — do‘konda sotuvda topilishi amrimahol bo‘lgan, yillar sinovidan o‘tgan antikvar asarlarni ham uchratish mumkin.

bookcafe 19

bookcafe 20

Majmuaning e’tirofga loyiq jihatlaridan biri — unda bolalar uchun alohida bo‘lim va maydonchaning tashkil etilganidir.

bookcafe 21

bookcafe 22

bookcafe 23

bookcafe 24

bookcafe 25

bookcafe 26

Do‘kon hududida uch xil dizayn yechimiga ega alohida zonalar mavjud.Har bir bo‘limda o‘qish va ishlash talablariga to‘liq javob beradigan maxsus stol-stullar joylashtirilgan bo‘lib, har kim o‘zi uchun qulay joyni tanlashi mumkin.

bookcafe 27

Kitobxonlar uchun yaratilgan yana bir imkoniyat – tijorat asosida ishlovchi mini-kafedir. Mehmonlar maxsus menyudan o‘zlariga ma’qul qahva yoki desertni tanlab, buyurtma berishlari hamda kitoblar qurshovida tamaddi qilishlari uchun barcha sharoit yaratilgan.

bookcafe 28

Ro‘yxatimizdagi uchinchi manzil — poytaxtning qoq markazida, O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga qarashli «Yoshlar ijod saroyi»ning ikkinchi qavatidan joy olgan «Ijod kafe»sidir. Bu maskanga yetib borish uchun eng maqbul transport — metropoliten. «Mustaqillik maydoni» bekatidan chiqib, chapga burilishingiz va bor-yo‘g‘i 50 metr odimlashingiz kifoya – zamonaviy bino qarshingizda namoyon bo‘ladi. Lokatsiyaning yana bir yutug‘i uning shaharning eng so‘lim, yashil xiyobonlarga tutash va tinch hududida joylashganligidir.

bookcafe 29

bookcafe 30

bookcafe 31

Mazkur “book-kafe”ning boshqa shu turdagi maskanlardan yaqqol ustunligi – o‘rinlarning serobligidir. Bu yerda qat’iy ish uslubidagi stol-stullardan tortib, erkin holatda mutolaa qilishga mo‘ljallangan shinam, yumshoq mebellargacha yetarli miqdorda topiladi.

bookcafe 33

bookcafe 34

bookcafe 35

bookcafe 32

Bu yerga kirish uchun sizdan na hujjat, na mablag‘ so‘raladi – jarayon to‘liq erkin. Shu bilan birga, tashrifingizni yanada maroqli o‘tkazish uchun pullik servis xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Agar xohish bo‘lsa, maxsus menyudan o‘zingizga yoqqan yegulik yoki ichimlikni buyurtma qilib, ish jarayonida tamaddi qilib olishingiz mumkin.

bookcafe 36

Bir vaqtlar kutubxonalar sukunat maskani hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunda ular muloqot, netvorking va kreativ g‘oyalar tug‘iladigan qaynoq nuqtalarga aylanmoqda. Yuqorida keltirilgan uchta manzil misolida biz poytaxtimizda yangi «intellektual madaniyat» shakllanayotganiga guvoh bo‘ldik. Hujjat va mablag‘ talab qilmaydigan bu kabi ochiq kovorking hududlari yoshlarning nafaqat bilim olishi, balki jamiyatning faol qatlami sifatida shakllanishi uchun eng qulay platformadir. Sizdan talab etiladigan yagona narsa — tashrif buyurish va imkoniyatdan foydalanish.

Teglar

Javhar Chorshanbiyeva

Javhar ChorshanbiyevaMaqolalar soni: 4

Barchasi

Mavzuga oid