
Skuter va moped ishtirokidagi YTHlarda 53 kishi halok bo‘lgan
30.09.2025 | 10:3045783
Joriy yilning dastlabki 8 oyida skuterlar ishtirokida 300 dan ortiq yo‘l-transport hodisasi qayd etildi.

Buxoro yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot kotibi xabar qilishicha, 2025 yil yanvaravgust oylarida skuter va moped ishtirokidagi yo‘l transport hodisasi natijasida 53 nafar fuqaro halok bo‘lib, 259 kishi turli tan jarohatlari olgan.
2025 yil 1 oktyabrdan moped va skuter haydovchilari haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi, transport vositalari esa davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilangan. Bu talablar 25–50 sm³ ish hajmli yoki 0,25–4 kVt elektr dvigatelga ega, soatiga 25–50 km/h tezlikda harakatlanuvchi vositalarga taalluqli.
Shuningdek, guvohnomasiz skuter va moped haydaganlar 2 mln 60 ming so‘m miqdorida jarima to‘laydi.
Xalq demokratik partiyasi hukumat qaroriga qarshi chiqib, uning ijtimoiy oqibatlariga e’tibor qaratdi. Partiya vakillari ta’kidlashicha, hozirda taxminan 130 ming nafar yoshlar moped va skuterlar orqali kurerlik xizmati bilan shug‘ullanadi va ularning asosiy daromad manbai shu sohadan iborat.
Partiya fikriga ko‘ra, bunday vaziyatda haydovchilik guvohnomasi talabini joriy qilish yoshlar uchun qo‘shimcha to‘siq yaratadi va ularni qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin.





