Logo

Talon-toroj va firibgarlik jinoyatlari uchun jazo choralari kuchaytirildi

Bugun 11:552 daqiqa

Endi talon-toroj va firibgarlikda ayblanganlar zararni to‘liq qoplamasdan turib muddatidan oldin shartli ozodlikka chiqa olmaydi.

Talon-toroj va firibgarlik jinoyatlari uchun jazo choralari kuchaytirildi © istock

O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga talon-toroj va firibgarlik jinoyatlari bo‘yicha qator o‘zgartishlar kiritildi. Bu haqda Prezident 22-iyun kuni imzolagan qonun bilan belgilab qo‘yildi.

Endi o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik, shuningdek firibgarlik uchun hukm qilingan shaxslar yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan bo‘lsa, jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmaydi.

Yangi tartib mazkur toifadagi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish va yetkazilgan zararning qoplanishini ta’minlashga qaratilgan. Qonun rasman e’lon qilingan kun, 23-iyundan boshlab kuchga kirdi.

Mansabdorlar uchun og‘irroq

Qonun bilan o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatini mansab mavqeidan foydalanib sodir etganlik uchun jazo ham og‘irlashtirildi.

Avval bunday qilmish uchun eng ko‘pi bilan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin edi. Yangi tahrirga ko‘ra, mazkur jinoyat uchun maksimal jazo 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi.

Shuningdek, xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ham jazo kuchaytirildi. Ilgari bu jinoyat uchun 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan bo‘lsa, endilikda maksimal muddat 10 yil etib belgilandi.

Shu bilan birga, qonunchilikdagi ayrim imtiyozli normalar o‘z kuchini saqlab qolmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksidagi zararni qoplash bilan bog‘liq qoida bekor qilinmadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan taqdirda ayrim holatlarda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilmasligi mumkin. Bu norma talon-torojga oid 167-modda hamda firibgarlikka oid 168-moddaga nisbatan ham tatbiq etiladi. Shu bois yangi qonun jazoni qattiqlashtirgan bo‘lsa-da, zararni to‘liq qoplagan shaxslar uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi mexanizm saqlanib qoldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga kiritilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid