add

«Tandirbuzarlar keysi»: Ekologik reydlarda tadbirkor mulki himoya qilinishi shart — Biznes-ombudsman

Bugun 11:251922 daqiqa

Biznes ombudsman ofisida ekoreydlar vaqtida tadbirkorlar mulkiga zarar yetkazilgani haqida murojaatlar ko‘paygani sabab, idora vakolatli organlarni qonunchilikka rioya etgan holda harakat qilishga chaqirdi.

«Tandirbuzarlar keysi»: Ekologik reydlarda tadbirkor mulki himoya qilinishi shart — Biznes-ombudsman

So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida havo sifati pasayib, ekologik vaziyat keskinlashgani jamoatchilik e’tiborida turibdi. Bu muammo davlat miqyosida hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab olindi. Prezident tomonidan poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan farmon imzolangani, shuningdek, Respublika bo‘ylab ekologik nazoratni kuchaytirish uchun maxsus komissiya tashkil etilgani mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan muhim choralardan sanaladi.

Maxsus komissiya tomonidan har kecha o‘tkazilayotgan reydlar orqali qator ekologik huquqbuzarliklar aniqlanmoqda. Bu jarayon aholi salomatligi va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, reydlar amalga oshirilayotgan ayrim hududlarda tadbirkorlarning qonuniy mulkiga zarar yetkazilgani haqida murojaatlar yo‘q emas.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, ekologik chora-tadbirlar qanday dolzarb bo‘lmasin, mulk daxlsizligi qonun bilan kafolatlangan. «Tadbirkorlik faoliyatining erkinliklari kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunda xususiy mulkning davlat himoyasida ekani aniq belgilab qo‘yilgan. Tadbirkorlik sub’ektining faoliyatini cheklash yoki uning mol-mulkiga nisbatan chora ko‘rish faqat vakolatli organ yoxud sud qarori asosida amalga oshirilishi mumkin.

Shu bois tegishli davlat idoralari ekoreydlar jarayonida tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini inobatga olishi, xususiy mulkka zarar yetkazmasligi va barcha chora-tadbirlarni faqat amaldagi qonunchilik asosida amalga oshirishi shartligi ta’kidlanmoqda.

Vakolatli organlar qonun buzilishining oldini olish, ekologik nazorat jarayonlarini shaffof va mas’uliyatli o‘tkazishga chaqirildi. Mulk huquqlarining ta’minlanishi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha ishlar samaradorligini ham oshirishini rasmiy idora alohida qayd etdi.

Teglar

Mavzuga oid

«Tandirbuzarlar keysi»: Ekologik reydlarda tadbirkor mulki himoya qilinishi shart — Biznes-ombudsman | Vaqt.uz