
Toshkent metrosida relslar olib tashlandi, yo‘lovchilar qiynalmoqda
Toshkent yer usti metrosida boshlangan profilaktika ishlari ortidan yo‘l relslari olib tashlandi, bir necha bekatlar vaqtincha yopildi. Ushbu holat minglab yo‘lovchilar uchun qiyinchiliklarni keltirib chiqardi.

Toshkent yer usti metrosida olib borilayotgan profilaktika ishlari jarayonida jiddiy muammolar aniqlandi. Transport prokuraturasi olib borgan tekshiruvlar natijasida ishlar nafaqat belgilangan vaqtdan kechikayotgani, balki loyiha talablariga ham to‘liq javob bermayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ayniqsa, metro relslarining allaqachon olib tashlangani, ammo ular o‘rniga nimalar qilinayotgani aniq emasligi jiddiy savollar tug‘dirmoqda. Joriy yil 8 iyundan boshlab «Qipchoq» va «Turon» bekatlari orasida poyezdlar harakati to‘xtatilgan. Ortidan «Quruvchilar» va «Yangiobod» orasidagi yo‘l ham yopilmoqda. bugungi kunga kelib, 14 ta bekatdan 9 tasi vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan.
Bunday vaziyat Toshkentdagi minglab yo‘lovchilar uchun katta noqulaylik yaratmoqda. Yo‘lovchilar endi jamoat transportining boshqa turlariga majburiy ravishda o‘tib, vaqt va mablag‘ yo‘qotishmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, profilaktika ishlari reja asosida uch oy davom etadi. Biroq Transport prokuraturasi 24 iyun kuni ma’lum qilgan tekshiruv natijalari bunday bayonotlarga shubha uyg‘otmoqda. Prokuror Ikrom Narimov boshchiligidagi guruh qurilish ishlarida qator kamchiliklarni aniqlagan.
Ushbu loyihaning buyurtmachisi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, qurilish ishlarini esa «Ko‘prikqurilish» AJ amalga oshirmoqda. Biroq muammolar uchun kim javobgar ekani hozircha ochiqlanmagan. Relslar olib tashlangan shohar va yo‘lovchilarga yetkazilgan noqulaylik uchun kim mas’ul bo‘lishi haqida ham aniq javob yo‘q.
Transport prokuraturasi bergan topshiriqlarga ko‘ra, kamchiliklar tez fursatda bartaraf etilishi va ishlar loyiha talablariga to‘liq muvofiq ravishda qayta ko‘rib chiqilishi shart. Biroq bu qachon amalga oshishi va yo‘lovchilar qachon yana metrodan to‘liq foydalanishi mumkinligi noma’lum bo‘lib turibdi.
Hozircha profilaktika ishlari ortidan relslar olib tashlangan, bekatlar yopilgan va yo‘lovchilarda metro tizimiga nisbatan ishonch o‘rnini savollar egallamoqda. «Shaffoflik», «xavfsizlik» va «sifat» kabi shiorlar esa hozircha rasmiy bayonotlardagina qolmoqda.





