add

Toshkent shahar sudining uch sudyasi protsessual tartibda qo‘lga olindi

Bugun 14:591 daqiqa

Og‘ir jinoyat sodir etgan sudlanuvchi Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarishga ajrim chiqargan Toshkent shahar sudining uch sudyasi qo‘lga olindi.

Toshkent shahar sudining uch sudyasi protsessual tartibda qo‘lga olindi

Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash bosh boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 231-moddasi va boshqa moddalari asosida jinoiy javobgarlikka tortilgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining uch nafar sudyasi Muxtarama Turgunova, Odilbek Ilxomjonov hamda Mirziyod Abidov protsessual tartibda ushlangan.

Ularga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi asosida ushlash chorasi qo‘llangan. Ayni paytda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hozircha mazkur holat bo‘yicha rasmiy idoralar tomonidan jamoatchilikka rasmiy axborot berilmagan. Biroq manbalar tergov adolatsiz sud hujjatlari chiqarilishi bilan bog‘liq holatlarni qamrab olayotganini qayd etmoqda.

Avvalroq Sudyalar oliy kengashi qaroriga muvofiq, yozma arizasiga binoan hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonuni 79-moddasi 1-qismining 2,10-bandlariga asosan mazkur shaxslarning sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimidan ozod etilgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ular apellyatsiya sudlov hay’ati tarkibida ish yuritib, og‘ir jinoyat sodir etganlikda sudlangan Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarish haqida ajrim chiqargan.

Teglar

Mavzuga oid