
Toshkentda musodara qilingan tovarlar yarmarkasi o‘tkazilmoqda
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi «Uchtepa Outlet Centre» savdo markazi oldida 29-31 avgust kunlari Bojxona qo‘mitasi tomonidan musodara qilingan tovarlar yarmarkasini bo‘lib o‘tmoqda.

Unda kiyim-kechak, poyabzal, zargarlik buyumlari, maishiy texnika va kosmetika mahsulotlari savdoga qo‘yilgan. Qo‘mita ma’lumoticha, mahsulotlar asosan Xitoy, Turkiya va BAAdan olib kirilgan bo‘lib, ular sud qarorlari asosida davlat mulkiga o‘tkazilgan.
Yarmarka ilk bor kengaytirilgan tartibda tashkil qilingani qayd etilmoqda.
Bojxona qo‘mitasi vakili Shahboz Yusupovning ta’kidlashicha, tovarlar bojxona to‘lovidan qochish yoki yashirish holatlarida musodara qilinadi. Ular ekspertiza va baholashdan o‘tgandan so‘ng sud qarorlari bilan davlat daromadiga o‘tkaziladi. Yaroqli mahsulotlar sotuvga chiqarilib, sifatsizlari yo‘q qilinadi. Birinchi marta qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan tadbirkorlarga esa tovarlari qaytarilishi mumkin.
Musodara qilingan tovarlarni sotish bilan 2022 yilda tashkil etilgan «Bojxona-servis» davlat muassasasi shug‘ullanadi. Uning har bir viloyat markazida maxsus do‘konlari mavjud. Toshkentdagi asosiy nuqta ham «Uchtepa Outlet Centre» hududida joylashgan.
Qo‘mita ma’lumoticha, yarmarkaning ilk kunida 150 mln so‘mlik mahsulot sotilgan. Tushumning asosiy qismi hukumat qaroriga ko‘ra, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlariga — «temir daftar» va «ayollar daftari»ga yo‘naltiriladi. 2025 yilning 7 oyida sudlar qarori bilan 10 mlrd so‘mlik tovar musodara qilingani ma’lum qilindi.





