
Toshkentda «prava» olib berishni vada qilgan inspektor qo‘lga olindi
17.07.2025 | 10:002662
Toshkent shahar IIBB xodimi haydovchilik guvohnomasini olib berish bahonasida tanishidan pul talab qilib, xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan. U tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hodisaga ko‘ra, Patrul-post xizmati inspektori Navoiy viloyatida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan shaxsning haydovchilik imtihonidan muvaffaqqiyatli o‘tishini va unga guvohnoma olib berishni va’da qilgan. U bu xizmat evaziga 1500 AQSH dollari va kirish imtihoni uchun 1 mln 900 ming so‘m talab qilgan.
Tezkor tadbir Yunusobod tumanida Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan. Inspektor pulni olgan paytda qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud qaroriga asosan, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Mas’ul organlar bunday holatlarda fuqarolarni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.





