
Ukrainadagi urushda qatnashgan fuqaroga sud hukmi o‘qildi
16.05.2025 | 13:3035102
Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etgan o‘zbekistonlik fuqaroga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. U Rossiyada yashash qoidalarini buzgani uchun ushlangan va jazodan qutulish maqsadida Rossiya armiyasi safiga qo‘shilgan.

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida yashovchi T.R. Rossiya qurolli kuchlari tarkibida Ukrainaga qarshi qurolli mojaroda qatnashgan. Uning jangovar harakatlarda harbiy blindajlar qurish ishlariga jalb etilgani ma’lum qilindi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2021 yilda ishlash maqsadida Rossiyaga borgan va 2024 yil yanvarda qo‘lga olingan.
Rossiyadagi huquqiy muammolardan qutulish, fuqarolik olish va shaxsiy manfaatlar uchun armiyaga yollangan fuqaro 2025 yil 10 yanvar kuni O‘zbekistonga qaytgan. Sudda aybini tan olgan va pushaymonligini bildirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudi uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybli deb topdi. Sud unga yengilroq jazo sifatida 4 yillik ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Jazo muddati davomida u faqat ishga borish va uyga qaytish huquqiga ega.





