
«Xalq hammasini bilib o‘tiribdi» — Samarqand viloyat hokimi rahbarlarni pora olmaslikka chaqirdi
20.10.2025 | 13:3047473
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev viloyat rahbarlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ularni halol ishlashga va poradan uzoq bo‘lishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiyani yuqoridan pastgacha to‘xtatish har bir rahbarning shaxsiy namunasiga bog‘liq.

15 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev asosiy e’tiborni rahbarlar o‘rtasidagi halollik va mas’uliyat masalasiga qaratdi. Uning ta’kidlashicha, korrupsiya davlatga bo‘lgan ishonchni zaiflashtiradi va jamiyat rivojiga jiddiy to‘siq yaratadi.
«Qachon biz to‘xtatamiz bu korrupsiyani? Agar rahbarlar o‘z ishi uchun yetarli maosh olayotgan bo‘lsa, nega pora oladi? Tepadan boshlansa, pastgacha ketaveradi», — dedi u yig‘ilishda.Boboyevning fikricha, rahbarlar o‘zlari to‘g‘ri ish tutsa, quyi bo‘g‘indagi xodimlar ham ulardan namuna oladi. «Agar tepadagilar halol bo‘lsa, pastdagilar ham shunday bo‘ladi. Aks holda, uning chegarasi yo‘q», — dedi u. Hokim, shuningdek, aholi rahbarlarning har bir harakatidan xabardor ekanini qayd etdi: «Xalq ko‘rib turibdi. Kim qanday qilib uy qilgan, kim qanday qilib mashina olgan — hammasini biladi. Xalqni alday olmaymiz». Yig‘ilishda tuman va shahar hokimlari, huquqni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa idoralar vakillari ishtirok etdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda uning oldini olishga qaratilgan choralar muhokama qilindi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, yig‘ilish yakunida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, mahallalarda targ‘ibot ishlarini faollashtirish va halol mehnat tamoyillarini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.





