
«XCM» piramidasi va unda IIO xodimlarining ishtiroki yuzasidan tekshiruv boshlandi
Ichki ishlar vazirligi «X Connection Media» (XCM) nomli ehtimoliy moliyaviy piramida faoliyati yuzasidan surishtiruv boshladi va ayrim IIO xodimlarining ushbu platformani targ‘ib qilishda ishtirok etgani bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlanganligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «XCM» nomi bilan bog‘liq moliyaviy piramida haqidagi ma’lumotlar yuzasidan tekshiruv harakatlarini boshladi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov rasmiy bayonot berdi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, mazkur platforma orqali pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkni jalb etishga oid noqonuniy faoliyat amalga oshirilganligi haqida ma’lumotlar kelib tushgan. Shu bois vazirlik o‘rnatilgan tartibda surishtiruv ishlarini boshlagan.
Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlarining «XCM» platformasini targ‘ib qilishda yoki ishtirok etishdagi ehtimoliy holatlari bo‘yicha ham xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruv natijalari bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.
«O‘zbekistonda tobora ommalashib borayotgan X Connection Media nomi ostidagi moliyaviy piramidaga har kuni qariyb 3 ming nafar fuqaro a’zo bo‘layotgani aniqlandi. Ular XCMga qo‘shilish uchun kamida 460 dollar to‘lamoqda. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu moliyaviy piramida a’zolari orasida 200 nafarga yaqin huquq-tartibot organlari xodimlari bor», deb yozmoqda Kun.uz.
Ma’lumot uchun, «X Connection Media» (XCM) — so‘nggi oylarda O‘zbekistonda tez ommalashgan moliyaviy piramida bo‘lib, u foydalanuvchilardan «video ko‘rish va layk bosish orqali daromad olish»ni va’da qiladi. Tizimga qo‘shilish uchun kamida 460 dollar miqdorida depozit to‘lovi talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz «Moliyaviy savodxonlik» rukni doirasida moliyaviy piramidalar haqida tahliliy maqola e’lon qilgan edi.





