
Yarim yilda qariyb 1 million kishi kredit tarixini tekshirdi
12.08.2025 | 15:3016943
2025 yilning birinchi yarmida 957 mingdan ortiq o‘zbekistonlik kredit tarixini tekshirish xizmatidan foydalangani qayd etildi.

Kredit-informatsiya va tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar-iyun oylarida 957 402 nafar fuqaro kredit hisobotini olish uchun murojaat qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagi 400 950 ta murojaatga nisbatan deyarli 2,4 barobarga ko‘pdir.
Murojaatlarning asosiy qismini jismoniy shaxslar tashkil etdi. Eng faol guruh 26–35 yoshdagi fuqarolar bo‘lib, ular umumiy soning 41 foizini (388 456 kishi) tashkil qildi. Keyingi o‘rinlarda:
36–45 yoshdagi guruh — 23 foiz (222 247 kishi),
16–25 yoshdagilar — 22 foiz (205 009 kishi),
46–55 yoshdagilar — 9 foiz (88 093 kishi)
56 yoshdan kattalar — 5 foiz (44 940 kishi) qayd etildi.
Tekshiruvlar soniga ko‘ra, fuqarolarning 63 foizi kredit tarixini bir marta tekshirgan, 23 foizi — ikki marta, 6 foizi — uch marta, 2 foizi — to‘rt marta va yana 6 foizi besh va undan ortiq marta murojaat qilgan. Barcha murojaatchilarning 69 foizi erkaklar, 31 foizi ayollardir.
Natijalariga ko‘ra, faqat 5 foiz mijozlar «a’lo» darajadagi kredit tarixiga ega, 28 foizida — «yaxshi», 55 foizida — «o‘rtacha» va taxminan 1 foizida «yomon» bahosi qayd etilgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan — 19,4 foiz. Toshkent viloyati 11,9 foiz bilan ikkinchi o‘rinda, Samarqand viloyati esa 8,3 foiz bilan uchinchi o‘rinni egallagan.





