YI Qirg‘iziston va Qozog‘iston kompaniyalarini «qora ro‘yxat»ga kiritdi
Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketiga jami 170 ta tashkilot va 48 kishi kiritildi. Shuningdek, 94 ta bank va moliyaviy tashkilot aktivlari muzlatildi, ayrim banklar hamda kriptovalyuta platformalari bilan operatsiyalar cheklab qo‘yildi.
© Foto: RIA NovostiYevropa Ittifoqi Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksi, moliya tizimi va avvalgi sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemalari bilan bog‘liq deb hisoblangan tashkilotlarga 21-sonli yangi cheklovlar paketini tasdiqladi. Unda Qirg‘iziston va Qozog‘iston kompaniyalari ham bor.
Sanksiyalar ro‘yxatiga Qirg‘izistonning «EkoIslamicBank» banki kiritildi. Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, bank Rossiyaning cheklov ostidagi moliyaviy xabarlar uzatish tizimi (SPFS) dan foydalanadi. 13-avgustdan boshlab Yevropa Ittifoqi kompaniyalariga ushbu bank bilan har qanday moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Shuningdek, Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksiga yordam berganlikda gumon qilinayotgan Markaziy Osiyoning 5 ta kompaniyasiga qarshi choralar ko‘rildi. Ular orasida Qirg‘izistonning «Nova Proyekt», «Rama group», «Shisan» kompaniyalari hamda Qozog‘istonning «TauKZ» va «KBR Tekhnologii» kompaniyalari bor. Ushbu tashkilotlarga 24-iyuldan boshlab kuchaytirilgan eksport nazorati joriy etildi.
Yangi sanksiyalar paketiga jami 170 ta tashkilot va 48 kishi kiritildi. Shuningdek, 94 ta bank va moliyaviy tashkilot aktivlari muzlatildi, ayrim banklar hamda kriptovalyuta platformalari bilan operatsiyalar cheklab qo‘yildi. Yevropa Ittifoqi ushbu paketni so‘nggi to‘rt yil ichidagi eng yirik sanksiyalar to‘plami deb atadi. Cheklovlar Rossiyaning mudofaa, energetika, konchilik sohalari va sanksiyalarni chetlab o‘tishda gumon qilingan moliyaviy tarmoqlariga ham taalluqli.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH 60 ta davlatga, jumladan Qozog‘iston va Rossiyaga yangi import bojlarini kiritgandi.





