add

Yong‘in sodir bo‘lganda nima qilish kerak? Asosiy qoidalar va tavsiyalar

Bugun 18:054 daqiqa

Yaqinda Yashnoboddagi savdo majmuasida sodir bo‘lgan yirik yong‘in 3 yashar qizchaning hayotiga zomin bo‘lgan edi. Bu kabi holatlar xavfsizlik qoidalarini bilish va ularga amal qilish har bir inson uchun naqadar muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan, Vaqt.uz yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish tartibi hamda asosiy xavfsizlik tavsiyalarini bir joyga jamladi.

Yong‘in sodir bo‘lganda nima qilish kerak? Asosiy qoidalar va tavsiyalar

Yong‘in — eng tez tarqaladigan va eng xavfli favqulodda hodisalardan biri bo‘lib, u soniyalar ichida nafaqat katta moddiy zarar yetkazishi, balki inson hayotiga ham jiddiy tahdid solishi mumkin. So‘nggi paytlarda kuzatilayotgan yong‘in fojialari ko‘plab holatlarda bunday hodisalarning asosiy sababi beparvolik, xavfsizlik qoidalariga amal qilinmasligi va texnik nosozliklar bilan bog‘liqligini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yong‘inlarning katta qismini oddiy profilaktika choralariga rioya qilish orqali oldini olish mumkin. Elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, evakuatsiya yo‘llarini oldindan bilish hamda favqulodda vaziyatda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmasi ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Jamoat joylarida oldindan e’tibor berilishi kerak bo‘lgan jihatlar

Savdo markazlari, kinoteatrlar, restoranlar va boshqa gavjum joylarga kirganda, eng avvalo, evakuatsiya chiqishlari qayerda joylashganiga e’tibor berish odatga aylanishi kerak. Ko‘pchilik tashrif buyuruvchilar faqat do‘konlar yoki xizmatlarga e’tibor qaratadi, ammo favqulodda vaziyatda chiqish yo‘llarini bilish qimmatli vaqtni tejaydi va xavfsiz chiqib ketish imkoniyatini oshiradi. Ayniqsa, bolalar bilan kelgan fuqarolar ularga ham chiqish yo‘llarini ko‘rsatib qo‘yishi tavsiya etiladi.

Yong‘in sodir bo‘lganda umumiy harakatlar

Yong‘in paytida eng muhim qoida — vahimaga berilmaslik va tez, lekin tartibli harakat qilishdir. Avvalo atrofdagilarni ogohlantirish, eng yaqin evakuatsiya chiqishiga yo‘nalish va yordamga muhtoj insonlarga ko‘maklashish zarur.

Quyidagi asosiy qoidalarga amal qilish tavsiya etiladi:

— og‘iz va burunni mato bilan, imkon bo‘lsa nam mato bilan yopish;

— tutun ko‘p joylarda past egilib yoki emaklab harakatlanish;

— liftdan foydalanmaslik, zinapoya orqali tushish;

— yong‘in kuchaymasligi uchun eshik va derazalarni imkon qadar yopiq tutish;

— yonuvchan suyuqliklar yoki elektr jihozlarini suv bilan o‘chirmaslik;

— shaxsiy buyumlarni yig‘ishga vaqt sarflamasdan, imkon qadar tezroq binoni tark etish.

Evakuatsiya qilingandan so‘ng esa binoga qaytib kirmaslik va ichkarida qolgan odamlar haqida qutqaruvchilarga aniq ma’lumot berish muhim.

O‘t o‘chiruvchilarga xabar berish tartibi

Favqulodda xizmatlarga murojaat qilish ham to‘g‘ri tashkil etilishi kerak. 101 yoki 112 raqamiga qo‘ng‘iroq qilganda quyidagi ma’lumotlarni aniq yetkazish zarur:

— yong‘in chiqqan manzil;

— yong‘in sodir bo‘lgan obyekt turi (uy, savdo markazi, avtomobil va boshqalar);

— yonayotgan buyum yoki hudud;

— zarur bo‘lsa, qavat, kirish yo‘li va qo‘shimcha tafsilotlar;

— familiya va telefon raqami.

Ma’lumotlarni aniq va xotirjam tarzda yetkazish qutqaruvchilarning tezroq yetib kelishiga yordam beradi.

Bino ichida yoki gavjum joyda yong‘in chiqsa

Xona ichida yoki jamoat joylarida yong‘in sodir bo‘lganda, agar alanga kichik bo‘lsa, uni o‘t o‘chirgich, qum yoki zich mato yordamida bartaraf etishga harakat qilish mumkin. Elektr simlari bilan bog‘liq yong‘inlarda avvalo elektr ta’minotini uzish zarur. Gaz jihozlari mavjud bo‘lsa, gazni ham darhol o‘chirish lozim.

Evakuatsiya vaqtida quyidagi qoidalarga amal qilish tavsiya etiladi:

— qo‘shni xonadagilarni va atrofdagilarni ogohlantirish;

— bolalar, keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga yordam berish;

— chiqish yo‘llari tutun bilan to‘lsa, pastga egilib yoki emaklab harakatlanish;

— zinapoya orqali chiqish imkoni bo‘lmasa, eshik tirqishlarini nam mato bilan berkitib, yordam kelishini kutish;

— yong‘in shamol ta’sirida kuchaymasligi uchun eshik va derazalarni imkon qadar yopiq tutish.

Evakuatsiya qilingandan so‘ng esa binoga qaytib kirmaslik va ichkarida qolgan odamlar haqida qutqaruvchilarga aniq ma’lumot berish zarur.

Avtomobil yoki jamoat transportida yong‘in chiqsa

Transport vositalarida yong‘in sodir bo‘lganda tezkor harakat qilish juda muhim. Bunday vaziyatda:

— haydovchini darhol ogohlantirish;

— transportni to‘xtatib, dvigatelni o‘chirish;

— yo‘lovchilarni tartib bilan tashqariga chiqarish;

— imkon bo‘lsa, o‘t o‘chirgich, qum yoki suv yordamida yong‘inni bartaraf etishga harakat qilish;

— yong‘in kuchaysa, portlash xavfi sabab transportdan uzoqlashish kerak.

Agar mashina kapotida yong‘in chiqqan bo‘lsa, uni o‘t o‘chirgichsiz ochmaslik zarur, chunki havo oqimi alangani kuchaytirishi mumkin.

O‘rmon yoki ochiq hududlarda yong‘in chiqsa

Dasht yoki o‘rmon hududlarida yong‘in sodir bo‘lganda alangani tuproq, qum yoki daraxt shoxlari bilan bostirish mumkin. Agar yong‘in kuchli bo‘lsa:

— yong‘in hududidan uzoqlashish;

— shamol yo‘nalishiga qarshi tomonga harakatlanish;

— tutun kamroq joylarda pastga egilib harakatlanish tavsiya etiladi.

Agar ketish imkoni bo‘lmasa, yaqin atrofda suv manbai bo‘lsa, imkon qadar unga yaqin joyda qolish va bosh qismni nam mato bilan yopish xavfni kamaytirishi mumkin.

Yong‘in vaqtida yo‘l qo‘yiladigan eng katta xatolar

Mutaxassislar ayrim xatolar og‘ir oqibatlarga olib kelishini ta’kidlaydi. Eng ko‘p uchraydigan xatolar quyidagilar:

— buyumlarni olish uchun yong‘in joyiga qaytish;

— kuchli yong‘inni yolg‘iz o‘chirishga urinish;

— yonuvchan moddalarni suv bilan o‘chirish;

— baland qavatdan qutqaruvchilarsiz tushishga harakat qilish;

— shkaf, karavot tagi yoki yopiq joylarga yashirinish, bunda holda qutqaruvchilar sizni topa olmasligi, tutundan bo‘g‘ilib, hushdan ketgan holda qolib ketishingiz mumkin.

Yong‘in favqulodda hodisa bo‘lsa-da, to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin. Shu sababli yong‘in xavfsizligi qoidalarini bilish, evakuatsiya yo‘llariga e’tibor berish va favqulodda vaziyatda sarosimaga tushmasdan harakat qilish har bir inson uchun muhim hayotiy ko‘nikma hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Yong‘in sodir bo‘lganda nima qilish kerak? Asosiy qoidalar va tavsiyalar | Vaqt.uz