
Yoshlar narkotik uchun oyiga 20-25 mln so‘m sarflayotgani aytildi
Toshkent shahrida 2025 yilda 1,5 mingdan ortiq narkotikka ruju qo‘yganlar rasman ro‘yxatga olingan. «Yashirin» giyohvandlarning soni bundan ham ko‘p. Ularning aksariyati esa yoshlar.

2025 yilda Toshkent shahrida 1,5 mingdan ortiq narkotikka ruju qo‘yganlar rasman ro‘yxatga olingan bo‘lib, «yashirin» giyohvandlarning soni bundan ham ko‘p. Ularning aksariyati esa yoshlar. Bu haqda bugun, 27-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi
Yoshlar narkotik uchun oyiga o‘rtacha 20-25 million so‘m sarflayapti. Giyohvand mablag‘ topish ilinjida jinoyatga qo‘l urishi tabiiy. O‘tgan yili respublika bo‘yicha 64 nafar shaxs giyohvand modda ta’sirida jinoyat qilgan, uning uchtadan bittasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
Narkotikka ruju qo‘yganlikni aniqlovchi ekspress testlar
Shu yildan boshlab narko ekspress-testlardan ommaviy foydalanishga o‘tilishi belgilandi.
Giyohvandlarni davolashga eng kamida to‘rt oy vaqt talab etiladi. Mutasaddilarga xususiy sheriklik asosida aholiga narkologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida jinoyatchilardan olib qo‘yilgan sintetik moddalar so‘nggi besh yilda 11 karra oshgani aytildi. Sintetik narkotiklarning 95 foizi internet orqali tarqatilib, to‘lov kriptovalyutada bo‘layotgani, narkolaboratoriyalar mamlakat ichida ochilayotgani qayd etildi.
Qonunchilikda davlat organlarining bu boradagi vazifalari ham aniq ko‘rsatilmagani eslatib o‘tildi. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi.
Agentlik va ta’lim vazirliklaria yangi vazifalar
Giyohvandlikka nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarida rahbarning alohida o‘rinbosari bo‘ladi. Hokim, oliygoh rektori, texnikum va maktab direktorining o‘rinbosarlaridan biri bu yo‘nalishga mas’ul etib belgilanadi.
Endi agentlikning mas’uliyati kuchaytirilib, unga mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baho berish vakolati beriladi. Agentlik barcha kuch va vositalarga ega bo‘ladi. Agentlik rahbari Ravshan Mamatov faoliyatida o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi. 1999 yilda qabul qilingan narkotiklar haqidagi qonunni ham yangidan ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Prezident narkojinoyatchilik va uyushgan guruhlarga qarshi kurash bo‘yicha narkokanallarning oxirgi manbasi va homiylarigacha yetib borish uchun mas’ullarda qat’iyat yo‘qligini tanqid qildi. Poytaxtda narkojinoyatlarning soni 4 mingdan oshgan. Qo‘lga olingan 112 ta uyushgan jinoiy guruh 1 ming 300 dan ortiq jinoyat qilgan.
Mazkur jinoyatlar uchun aybli deb topilganlar jazoni yarmini ham o‘tamasdan ozodlikka chiqmoqda. Oqibatda bu jinoyatni takroran qilganlar uch yilda 125 foizga ko‘paygan.
Prezident Administratsiyasi shug‘ullanishni boshlagandan keyin bu masalada o‘zgarish bo‘lgani ta’kidlandi. So‘nggi uch oyda respublika bo‘yicha 50 ga yaqin yirik narkoguruhlar qo‘lga olinib, yarim tonna narkotiklar muomalasiga chek qo‘yildi.





