
Yoshlar va muhojirlar hayotini vayron qilayotgan «A.U.Ye.» tahdidi
05.08.2025 | 10:0041293
So‘nggi yillarda ayrim yoshlar va xorijda mehnat qilayotgan muhojirlar orasida «A.U.Ye.» deb ataluvchi jinoiy harakatning ta’siri sezilarli darajada ortmoqda.

Rossiyada shakllangan bu tuzilma mahbuslar qonunlarini ideallashtirib, jinoyatchilik madaniyatini kundalik hayotga singdirishga urinadi. Uning ta’siriga tushish shaxs erkinligi, oila kelajagi va mamlakat obro‘si uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, «A.U.Ye.» («Arestantskiy uklad yedin» — «Mahbuslar yagona qoidasi») Rossiyada alohida xavfli harakat sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, 2020 yilda ekstremistik tashkilot deb topilib, faoliyati qonunan taqiqlangan. Uning targ‘iboti ijtimoiy tarmoqlar, chatlar va videoplatformalar orqali amalga oshiriladi. Mehnat muhojirlari orasida «bratva», «obshak», «zakon po ponyatiyam» kabi atamalar bilan yoshlarni jalb qilishga harakat qilinadi.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, bunday harakatlarga aloqadorlik uchun 300 mingdan 600 ming rublgacha jarima, 1 yildan 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki majburiy mehnat jazosi belgilangan. Bundan tashqari, ishsizlik, deportatsiya va huquqiy maqom yo‘qotilishi kabi og‘ir oqibatlar yuzaga kelishi mumkin.
O‘zbekiston fuqarolari uchun bu masala ayniqsa dolzarb. So‘nggi yillarda bir necha yurtdoshimiz «A.U.Ye.» faoliyatida ishtirok etgani yoki qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiyada jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu nafaqat shaxsiy hayotga, balki O‘zbekiston fuqarolarining xalqaro maydondagi obro‘siga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ota-onalar va fuqarolar farzandlarining kimlar bilan muloqot qilayotganiga, muhojirlar atrofidagi muhitga jiddiy e’tibor qaratishlari lozim. Jinoiy tuzilmalar ta’siriga tushishdan ehtiyot bo‘lish va halol mehnatni qadrlash — shaxsiy va milliy xavfsizlik garovidir.





