Logo

Korzinka, Uzum va Artel: O‘zbekistonda jamoat ahamiyatiga ega kompaniyalar ro‘yxati e’lon qilindi

Bugun 12:552 daqiqa

Endilikda ular xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobotlarini tayyorlab, auditorlik xulosalari bilan birga e’lon qilishi kerak bo‘ladi.

Korzinka, Uzum va Artel: O‘zbekistonda jamoat ahamiyatiga ega kompaniyalar ro‘yxati e’lon qilindi © vaqt.uz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar (Public Interest Entities — PIE) huquqiy maqomi hamda ularning mezonlari va reyestrini e’lon qildi.

Ro‘yxatdan umumiy 425 ta tashkilot va kompaniya o‘rin oldi. Ularning yarmidan ko‘pi — 226 tasi bank va to‘lov tashkilotlari hisoblanadi.

Bundan tashqari, 14 ta investitsiya fondlari va birjalari, 44 ta davlat korxonalari, 96 ta listingga kirgan tashkilotlar va 132 ta yirik korxonalar mavjud.

Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kirish mezonlari talablariga javob beradigan tashkilotlar (kompaniyalar) reyestri maxsus vakolatli organ — Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan birgalikda shakllantirilgan.

Ro‘yxatdagi tashkilot va kompaniyalar 2027 yil 1-yanvardan boshlab Moliyaviy hisobotning xalqaro standarti (MHXS) asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi.

Bunda ular tomonidan 2028 yil yakuniga ko‘ra moliyaviy hisobotlarni MHXSga muvofiq tuzish va ularni auditorlik xulosalari bilan birga e’lon qilish jarayoni amalga oshirilishi kerak.

Qonunchilik hujjatlarida MHXSga o‘tishning ertaroq muddatlari nazarda tutilgan kompaniyalar bundan mustasno hisoblanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining yozishicha, Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlarning huquqiy maqomi hamda ushbu toifaga kirish mezonlari va tashkilotlar reyestrining shakllantirilishi O‘zbekistonda moliyaviy hisobot va audit tizimining shaffofligi hamda sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Ro‘yxatda qanday kompaniyalar bor?

E’lon qilingan reyestrdan barcha 34 ta bank joy olgan. Shuningdek, Click va Paynet kabi to‘lov tashkilotlari ham unga kiritilgan.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlari bo‘yicha O‘zbekistonda cheklari eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkaziladigan «Korzinka» do‘konlar tarmog‘i — «Angelesey Food» MCHJ ham ro‘yxatda mavjud.

Biroq cheklar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan «Havas» do‘konlar tarmog‘i (Havas Food) reyestrdan joy olmagan. Aksincha, «Makro» do‘konlari kompaniyasi «Darvoza Savdo» MCHJ reyestrga kiritilgan.

Uzum ekotizimiga kiruvchi deyarli barcha kompaniyalar — Uzum Bank, Uzum Market, Uzum Sarmoya, shuningdek, Tezcoin va Shaffof-moliya mikromoliya tashkilotlari 425 talik ro‘yxatdan joy olgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi yirik maishiy texnika va elektronika ishlab chiqaruvchisi «Artel Electronics» MCHJ, «Texnomart» MCHJ do‘konlar tarmog‘i, Beeline, Ucell va Mobiuz aloqa operatorlari ham reyestrga qo‘shilgan.

Reyestrdagi aksariyat kompaniyalar shundoq ham moliyaviy hisobotlarini doimiy ochiq e’lon qilib keladi. Biroq «Korzinka» va «Artel» kabi kompaniyalar endilikda hisobotlarini doimiy ochiqlashi kerak bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid