Rossiya va Qozog‘iston Xitoyga yangi gaz quvurini muhokama qilmoqda
Markaziy Osiyo orqali o‘tadigan yangi energetika loyihasi kun tartibiga chiqdi. Quvur nafaqat eksport, balki Qozog‘istonning ichki ta’minoti uchun ham muhim bo‘lishi mumkin.

Qozog‘iston va Rossiya Qozog‘iston hududi orqali Xitoyga yangi gaz quvuri qurish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muhokama qilinayotgan loyihaning quvvati yiliga 35 milliard kub metrgacha gaz tashish imkonini beradi.
Loyiha Rossiyaning Xitoyga gaz eksport qilish bo‘yicha yirik tashabbuslaridan biri hisoblangan «Sibir kuchi – 2» quvurini davom ettirish variantlaridan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
«Biz "Sibir kuchi – 2" loyihasini muhokama qilishga kirishdik, ammo uning ishchi nomi boshqacha bo‘lishi ham mumkin — Qozog‘iston orqali Xitoyga tortiladigan, yillik quvvati 35 milliard kub metrgacha bo‘lgan gaz quvuri», — dedi Akkenjenov.
Ostona manfaatdor
Yerlan Akkenjenovning aytishicha, Qozog‘iston ushbu quvurni o‘z hududi orqali o‘tkazishdan manfaatdor va tranzit uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratishga tayyor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha Qozog‘iston uchun strategik ahamiyatga ega, chunki u mamlakatning shimoliy va sharqiy hududlarini qo‘shimcha ravishda gaz bilan ta’minlash imkonini beradi.
«Qozog‘iston uchun ushbu quvur respublikaning shimoliy va sharqiy hududlarini zangori yoqilg‘i bilan ta’minlash imkonini berishi bilan ham muhimdir», — deya ta’kidladi Energetika vazirligi rahbari.





