Talabalar yotoqxonasi paradoksi: bir qo‘l bilan qurilyapti, ikkinchi qo‘l bilan esa sotish avjida
Toshkentda ijara narxlari rekord darajada qimmatlashayotgan bir paytda, davlat talabalar yotoqxonalari uchun yuzlab milliard so‘m sarflamoqda. Ammo yotoqxona taqchilligi saqlanib qolmoqda, ayrim mavjud talabalar turar joylari esa ommaviy savdoga chiqarilmoqda.

Vaqt.uz 2022–2025 yillarda ajratilgan budjet mablag‘lari, davlat dasturlari, vazirlik hisobotlari va sotuvga qo‘yilgan yotoqxonalar ortidagi paradoksni o‘rgandi.
Poytaxtda so‘nggi oylarda yoz haroratidan ko‘ra tezroq ijara uylar narxi «osmonga ko‘tarildi». Buning bosimi esa ijaraning asosiy mijozlaridan biri bo‘lgan talabalarga tushmoqda.
May oyi holatiga ko‘ra, poytaxtda bir xonali uyning o‘rtacha narxi 400 dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 14,3 foizga qimmatlagan. Ikki xonali uylar esa 500 dollar atrofida shakllanmoqda. Bunday xonadonlarda o‘rtacha 4–5 nafar talaba yashashini hisobga olsak, har bir talabaga ijara to‘lovi 100–125 dollar (taxminan 1 mln 200 ming – 1 mln 500 ming so‘m) to‘g‘ri keladi.
Ayni paytda o‘rtacha stipendiya (569 ming so‘m) va ijara kompensatsiyasi (412 ming so‘m) jamlanganda ham talaba qo‘liga 981 ming so‘m tegadi. Bu esa faqat ijara xarajatining o‘zini ham to‘liq qoplamaydi, qolaversa, oziq-ovqat, transport va boshqa kundalik ehtiyojlar uchun mablag‘ qoldirmaydi.
Bunday sharoitda talabalar uchun eng maqbul yechim yotoqxona bo‘lishi kerakdek ko‘rinadi. Ammo aynan shu nuqtada boshqa savol tug‘iladi: yotoqxonalarning o‘zi yetarlimi?
Vaqt.uz 2020–2025 yillarda qurilgan talabalar turar joylari, ularga ajratilgan mablag‘lar, shuningdek, poytaxt va viloyatlarda sotilgan hamda savdoga chiqarilgan yotoqxonalarni tahlil qildi.
OTMlarning talabalar uchun qancha yotoqxonasi bor?
2020–2021 o‘quv yilida 127 ta oliy ta’lim muassasasining 88 tasida talabalar uchun yotoqxona mavjud bo‘lgan. Eng ko‘p yotoqxona Samarqand (9 ta), Farg‘ona (8 ta) va Surxondaryo (6 ta) viloyatlaridagi OTMlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Viloyat | Yotoqxona soni |
Samarqand viloyati | 9 |
Farg‘ona viloyati | 8 |
Surxondaryo viloyati | 6 |
Andijon viloyati | 5 |
Qashqadaryo viloyati | 5 |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 4 |
Buxoro viloyati | 4 |
Toshkent viloyati | 4 |
Namangan viloyati | 3 |
Xorazm viloyati | 3 |
Jizzax viloyati | 3 |
Navoiy viloyati | 2 |
Sirdaryo viloyati | 1 |
Manba: Jadval Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
2021 yil iyun oyida Prezident talabalar uchun 149 mingta turar joyga ehtiyoj borligini va bu masalani tadbirkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida tezda hal qilish mumkinligini ta’kidlagan edi. Oradan uch oy o‘tib, shu yili 10-sentabrda respublikadagi OTMlarda talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, OTMlarga talabalar turar joylari qurilishi uchun 72,4 gektar yer maydoni ajratildi. Dastur doirasida respublika bo‘yicha 241 ta (har biri 400 o‘rinli) talabalar turar joyini barpo etish va 109,7 mingga yaqin yangi o‘rin yaratish rejalashtirildi. Shundan 190 tasi OTMlar hududida, 52 tasi esa ularga tutash hududlarda qurilishi belgilangan edi.
Rejaga ko‘ra, 2022 yilda 37 ta, 2023 yilda 59 ta, 2024 yilda 72 ta va 2025 yilda 73 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirilishi kerak edi.
Ammo jarayon dasturda belgilangandek kechmagan. Xususan, 2022 yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Kun.uz’ga Nukus va Samarqand davlat universitetlarida atigi 2 ta yotoqxona foydalanishga topshirilganini ma’lum qilgan. Bu o‘sha yilgi 37 ta rejaning qariyb 5 foizi bajarilganini anglatadi.
2023 yilda esa vazirlik 2026 yilgacha 100 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish rejalashtirilganini ma’lum qildi. 2030-yilgacha esa qo‘shimcha 150 ming o‘rinli talablar turar joylari qurish vazifasi ham belgilangan edi.
2023 yil oktabr holatiga ko‘ra, 58 ta yotoqxona (26 ming 987 o‘rin) foydalanishga topshirilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov 2025 yilda qariyb 11 ming 84 o‘rinli 20 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirilganini ma’lum qildi.
Vaqt.uz so‘roviga javoban Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Azim Prezidentning 2025 yil 30-yanvardagi PF–16-son farmoniga muvofiq, 2025 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 8 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish vazifasi belgilanganini bildirdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yil yakunida bu ko‘rsatkich ortig‘i bilan bajarilib, 11 ming 84 o‘rin yaratilgan.
«Obyektlar soni»dan «o‘rinlar quvvati»ga o‘tish
Qizig‘i, Hukumat qarorida asosiy ko‘rsatkich sifatida qurilishi kerak bo‘lgan yotoqxonalar soni belgilangan. Vazirlik esa bugun dastur natijasini qurilgan binolar soni bilan emas, balki ularda yaratilgan o‘rinlar soni orqali baholash kerakligini aytmoqda.
Ayrim loyihalarda yotoqxonalar soni ikki baravardan ham ko‘proq qisqargan bo‘lsa-da, vazirlik buni «yer maydonlaridan samarali foydalanish, zamonaviy loyihalashtirish va binolar qavatini oshirish» hisobiga o‘rinlar soni deyarli saqlab qolingani bilan izohlamoqda.
OTM | Dastlabki reja | Amaldagi holat | Farq |
O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti | 7 ta yotoqxona | 3 ta yotoqxona | -4 ta yotoqxona |
Sobiq Toshkent pediatriya tibbiyot instituti | 2 ta yotoqxona | 1 ta yotoqxona | -1 ta yotoqxona |
Manba: Jadval vazirlik taqdim etgan ma’lumotlar asosida tayyorlandi.
Reja, hisobot va javobsiz qolgan savollar
Vaqt.uz vazirlikka 2021 yilgi rejalarning necha foizi bajarilganligi bo‘yicha ham so‘rov yuborgan edi, biroq aniq foiz ochiqlanmadi. Idora faqat 2025 yilda yakunlanmay, keyingi yillarda ham davom etgan qurilish loyihalari (o‘tuvchi loyihalar) hisobiga vazifalar to‘liq bajarilishi ma’lum qildi.
Shuningdek, Vaqt.uz 2025 yilda foydalanishga topshirilgan yotoqxonalar qaysi tuman va shaharlarda joylashgani hamda qaysi OTMlarga biriktirilgani haqida ma’lumot so‘radi. Biroq vazirlik qurilgan yotoqxonalar soni yoki ularning aniq joylashuvi o‘rniga, OTMlar kesimida yaratilgan o‘rinlar sonini taqdim etdi (jadval).
Oliy ta'lim muassasasi | O'rinlar soni |
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti | 1 000 |
Namangan davlat texnika universiteti | 1 000 |
Qoraqalpoq davlat universiteti | 900 |
Termiz davlat universiteti | 800 |
Shahrisabz davlat pedagogika instituti | 750 |
Jizzax davlat pedagogika universiteti | 600 |
Qo‘qon davlat universiteti | 600 |
Urganch davlat universiteti | 600 |
Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali | 560 |
Toshkent davlat agrar universiteti | 550 |
Buxoro davlat pedagogika instituti | 504 |
Samarqand davlat universiteti | 470 |
Andijon davlat chet tillari instituti | 400 |
Buxoro davlat universiteti | 400 |
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti | 400 |
Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti | 400 |
Samarqand davlat chet tillar instituti | 400 |
Farg‘ona davlat texnika universiteti | 400 |
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti | 350 |
Jami | 11 084 |
Manba: Jadval vazirlik taqdim etgan ma’lumotlar asosida tayyorlandi.
Vazirlik avvalroq taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda davlat OTMlarida 228 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yil 1-iyul holatiga ularning soni 368 taga yetgan. Bu davr mobaynida yotoqxonalar soni 140 taga oshgan.
Biroq bu ko‘rsatkichni 2021 yilda qabul qilingan Hukumat qarori bilan belgilangan 241 ta yangi talabalar turar joyini qurish rejasi bilan bevosita taqqoslash qiyin. Chunki vazirlik dastur ijrosi bo‘yicha foydalanishga topshirilgan obyektlar sonini ochiqlamadi va natijalarni yaratilgan o‘rinlar quvvatiga qaratdi.
Budjetdan qancha pul ajratilgan?
Yil | Qurilish loyihalari uchun subsidiya | Talabalar uchun subsidiya | Jami |
2022 | 228,56 mlrd so'm | — | |
2023 | 246,25 mlrd so'm | 54,05 mlrd so'm | |
2024 | 250 mlrd so'm | 50 mlrd so'm | |
2025 | 300 mlrd so'm | 50 mlrd so'm |
Manba: 2022–2025 yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti to‘g‘risidagi qonunlar ilovalari asosida Vaqt.uz tayyorladi.
2022–2025 yillarda talabalar turar joylari qurilishi uchun davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar tahlili shuni ko‘rsatadiki, mazkur yo‘nalishga yo‘naltirilgan mablag‘lar yildan yilga oshib borgan.
Xususan, qurilish loyihalari uchun ajratilgan subsidiya 228,6 mlrd so‘mdan 300 mlrd so‘mga yetgan. 2023 yildan boshlab esa davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan yotoqxonalarda yashovchi talabalar uchun ham alohida subsidiya ajratila boshlandi. Natijada ushbu yo‘nalishga yo‘naltirilgan umumiy budjet mablag‘lari 2025 yilda 350 mlrd so‘mga yetdi.
Talabalarning ehtiyoji qanchalik qoplandi?
2021 yil iyun oyida Prezident talabalar uchun 149 ming o‘rinli turar joyga ehtiyoj borligini ta’kidlagan edi. Shundan so‘ng, 2022–2025 yillar davomida 74,1 ming o‘rinli yotoqxona infratuzilmasi yaratildi.
Vazirlikning Vaqt.uz’ga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-yanvar holatiga davlat OTMlaridagi yotoqxonalarning umumiy sig‘imi 159,1 ming nafardan ortiq talabani joylashtirish imkoniyatiga yetkazilgan.
Biroq, bu raqamlar «yotoqxona muammosi hal bo‘ldi» degan xulosa uchun asos bo‘la olmaydi. Vazirlikning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yil boshida ham yotoqxonaga muhtoj talabalarning qariyb 42 foizi hali ham turar joy bilan ta’minlanmagan.
Bundan tashqari, 2026 yil 3-iyun kuni Qonunchilik palatasida 2025 yilgi davlat budjeti ijrosi muhokama qilinayotganda, deputat Sayyora Jumayeva talabalar turar joyi qurilishi masalasini savol ostiga oldi. Deputat yetarli mablag‘ ajratilishiga qaramay, vazirlik ayrim maqsadli ko‘rsatkichlarni to‘liq bajarmaganini ta’kidladi. Xususan, davlat-xususiy sheriklik asosida rejalashtirilgan 12 ming 215 o‘rinli yotoqxonalar sig‘imi amalda 90,7 foizga bajarilgan, xolos.
Eski yotoqxonalar qayerga ketdi?
Bugungi yotoqxona taqchilligini faqat yangi talabalar turar joylari qurilishi bilan izohlab bo‘lmaydi. Masalaning yana bir tomoni — sovet davri va mustaqillikning dastlabki yillarida qurilgan yotoqxonalarning keyingi taqdiri.
Bir paytlar talabalar ehtiyoji uchun xizmat qilgan ko‘plab yotoqxonalar keyingi yillarda xususiylashtirildi yoki sotib yuborildi. Jumladan, Toshkentdagi Talabalar shaharchasi atrofi, Muqimiy, Luftiy va Amir Temur ko‘chalari, Kichik halqa yo‘li hamda boshqa hududlarda joylashgan, avval talabalar turar joyi sifatida foydalanilgan qator binolar ham keyinchalik sotib yuborilgan.
Ammo jarayon faqat Toshkent bilan cheklanmagan. Vaqt.uz o‘rgangan ochiq ma’lumotlar va hujjatlar Samarqand, Buxoro, Andijon, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm, Qashqadaryo hamda boshqa hududlardagi oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar balansidagi ayrim yotoqxonalar ham ommaviy savdolarga chiqarilganini ko‘rsatadi.
Quyidagi tarixiy xarita Toshkentdagi Talabalar shaharchasi shakllangan davrni aks ettiradi. Undan keyingi hujjatlar va «E-auksion» ma’lumotlari esa yillar davomida talabalar yotoqxonalari bilan bog‘liq jarayon qanday o‘zgarganini ko‘rsatadi.

Manba: Retromap.ru va Google maps asosida Vaqt.uz tayyorladi.
Paradoks: Yotoqxona yetishmasligi va ularning sotilishi
Yotoqxona taqchilligi saqlanib qolayotgan bir paytda, «E-auksion» portalida oliy ta’lim muassasalari balansidagi talabalar turar joylarini sotish va ijaraga berish bo‘yicha bir qator e’lonlarni ko‘rish mumkin.
Jumladan, Prezidentning 2025 yilgi xususiylashtirish dasturiga oid PF–70-son farmoni bilan bir nechta talabalar turar joyi ommaviy savdoga chiqariladigan obyektlar ro‘yxatiga kiritildi.
Obyekt nomi | Manzili | Bino va inshootlar maydoni (m²) | Balansda saqlovchi | Yuqori turuvchi organ |
Samarqand yuridik texnikumining talabalar turar joyi binosi (6) | Samarqand shahri, «Sattepo» MFY, Turkiston ko‘chasi, 5-uy | 882,65 | Samarqand yuridik texnikumi | Adliya vazirligi |
«Kensoy o‘quv va talabalar turar joyi» bino va inshootlari (3) | Toshkent tumani, «Kensoy» MFY, Kensoy ko‘chasi, 15-uy | 15 463,7 | Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti | Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi |
10-talabalar turar joyi bino va inshootlari (3) | Chilonzor tumani, 3-mavze, 21-uy | 4 395 | Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti | Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi |
5-, 7-, 8-, 9-talabalar turar joyi bino va inshootlari (3) | Yakkasaroy tumani, Muqimiy ko‘chasi, 96-uy | 15 999 | Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti | Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi |
Manba: PF–70-son Farmoni asosida Vaqt.uz tayyorladi.
Ammo bu ro‘yxat 2025 yil bilan cheklanib qolmadi. O‘sha yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Muqimiy ko‘chasidagi 4 ta, Chilonzor-3 mavzesidagi hamda Kensoydagi talabalar turar joylari ommaviy savdoga chiqarilgan edi. Ularning keyinchalik sotilgani yoki yo‘qligi haqida ochiq ma’lumot mavjud emas.
2026 yilda esa universitetning Muqimiy ko‘chasida joylashgan yana bir talabalar turar joyi savdoga qo‘yildi. Umumiy yer maydoni 1 gektar, bino va inshootlari maydoni qariyb 16 ming kvadrat metr bo‘lgan 9 qavatli obyekt uchun Davaktiv agentligi 272,3 mlrd so‘m boshlang‘ich narx belgilagan.

Umuman olganda, talabalar yotoqxonalarini ommaviy savdoga chiqarish holati kecha yoki bugun boshlangan emas. Vaqt.uz tahliliga ko‘ra, 2022–2025 yillar davomida Samarqand, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona, Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari hamda texnikumlar balansidagi talabalar turar joylari ham «E-auksion» portaliga chiqarilgan. Quyida keltirilgan lavhalar ana shunday e’lonlarning faqat bir qismini aks ettiradi.

Manba: E-auksion.

Manba: E-auksion.

Manba: E-auksion.
Umuman olganda, talabalar yotoqxonasi masalasida davlat dasturlari ham, milliardlab so‘mlik mablag‘lar ham, ijobiy hisobotlar ham yetarli. Biroq raqamlar ortidagi manzara boshqacha: minglab talabalar hamon ijara bozoriga chiqishga majbur, yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyoj esa to‘liq qoplangani yo‘q.
Buning ustiga, dastlab yotoqxonalar soni bilan baholanishi kerak bo‘lgan davlat dasturi bugun asosan yaratilgan o‘rinlar quvvati orqali hisobot qilinmoqda. Qurilgan obyektlar soni, ularning aniq joylashuvi va dasturning qay darajada bajarilgani haqidagi savollar esa hanuz ochiq qolmoqda.
Eng katta paradoks esa shundaki, bir tomondan yangi yotoqxonalar qurilmoqda, ikkinchi tomondan esa mavjud yotoqxonalar xususiylashtirilmoqda yoki ommaviy savdoga chiqarilmoqda. Talabalarga yangi yotoqxona qurish qanchalik muhim bo‘lsa, mavjud infratuzilmani saqlab qolish undan kam ahamiyatga ega emas. Infratuzilmani kengaytirish o‘rniga uning tijoratlashtirilishi talabalarni turar joy bilan ta’minlashdek ijtimoiy vazifaning ustuvorligi haqida jiddiy savollarni o‘rtaga qo‘yadi.
Statistikada qamrov darajasi o‘sishi mumkin, ammo raqamlar ortida talabalarning real hayoti turibdi. Hisobotlardagi foizlar o‘zgarishi mumkin, lekin yotoqxona topolmay ijara bozoriga chiqishga majbur bo‘layotgan talabalar soni bu muammoning hali ham dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatib turibdi.
Teglar






