
Xitoy elektromobillardagi yashirin eshik tutqichlarini taqiqladi
Bunday dizayn Ilon Maskka tegishli «Tesla» kompaniyasi tomonidan ommalashtirilgan edi. Taqiq faqat Xitoy bozorida sotiladigan modellarga taalluqli bo‘lsa-da, mamlakatning jahon avtomobil sanoatidagi ulkan o‘rni tufayli bu qaror butun dunyoga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Xitoy elektromobillarda yashirin eshik tutqichlaridan foydalanishni taqiqladi va shu bilan ushbu bahsli dizaynlarni to‘xtatgan birinchi davlatga aylandi. Bu dizaynlar Ilon Maskka tegishli «Tesla» kompaniyasi tomonidan ommalashtirilgan edi.
Bu qaror elektr avtomobillari butun dunyoda xavfsizlik nazorat organlari diqqat markazida turgan bir paytda qabul qilindi. Xususan, Xitoyda «Xiaomi» elektromobillari ishtirokida sodir bo‘lgan ikki halokatli avariyadan so‘ng, elektr ta’minoti uzilishi sabab eshiklarni ochib bo‘lmagani gumon qilingan.
Davlat OAVlariga ko‘ra, yangi qoidalarga asosan avtomobillar faqat eshiklarining ichida ham, tashqarisida ham mexanik ochish moslamasi mavjud bo‘lgan taqdirdagina sotilishiga ruxsat etiladi. Yangi talablar 2027 yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi qoidalariga ko‘ra, bagajnik eshigidan tashqari har bir yo‘lovchi eshigining tashqi qismida kamida 6 sm × 2 sm × 2,5 sm o‘lchamda chuqurcha bo‘lishi shart – bu eshik tutqichiga kirish imkonini ta’minlash uchun.
Avtomobil ichida esa eshikni qanday ochish mumkinligini ko‘rsatuvchi kamida 1 sm × 0,7 sm o‘lchamdagi belgilar bo‘lishi lozim.
Allaqachon rasmiylar tomonidan tasdiqlangan va Xitoy bozoriga chiqishning so‘nggi bosqichida bo‘lgan modellarga dizaynni yangilash uchun yana ikki yil muhlat beriladi.
Yashirin eshik tutqichlari Xitoyning yangi energiyali transport vositalari bozorida keng qo‘llaniladi. Bu toifaga elektr avtomobillari, gibridlar va yoqilg‘i elementlarida ishlovchi mashinalar kiradi. Davlat nazoratidagi «China Daily» gazetasi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p sotilayotgan 100 ta yangi energiyali avtomobil modelining taxminan 60 foizida yashirin tutqichlar mavjud.
Chora-tadbirlar faqat Xitoy bozorida sotiladigan modellarga taalluqli bo‘lsa-da, mamlakatning jahon avtomobil sanoatidagi ulkan o‘rni tufayli bu qaror butun dunyoga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ayni paytda «Tesla» eshik tutqichlari AQSH xavfsizlik regulyatorlari tomonidan tekshirilmoqda, Yevropa davlatlari esa o‘z qoidalarini joriy etish imkonini ko‘rib chiqmoqda.
Noyabr oyida AQSH Milliy avtomobil yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) «Tesla»ning elektr quvvatida ishlaydigan eshik tutqichlari bo‘yicha tekshiruv boshladi. Bu qaror eshik tutqichlari kutilmaganda ishdan chiqib, bolalar avtomobil ichida qamalib qolgani haqidagi xabarlardan so‘ng qabul qilingan.
«NHTSA» ma’lum qilishicha, 2021 yilda ishlab chiqarilgan «Tesla Model Y» bo‘yicha eshik tutqichlari ishlamay qolgani haqida to‘qqizta shikoyat kelib tushgan. Ushbu holatlarning to‘rttasida avtomobil egalari muammoni hal qilish uchun oynani sindirishga majbur bo‘lgan.

