Tojikiston mehnat bozorida yangi muammo: millionlab odamlar ish qidirmayapti

Bugun 17:304 daqiqa

Tojikistonda so‘nggi 21 yilda mehnatga layoqatli aholi keskin oshgan bo‘lsa-da, mamlakatning asosiy muammosi endi ishsizlik emas, balki millionlab fuqarolarning mehnat bozorida umuman ishtirok etmayotganidir.

Tojikiston mehnat bozorida yangi muammo: millionlab odamlar ish qidirmayapti © Foto: Asia-Plus

Tojikiston mehnat bozori so‘nggi 21 yilda son jihatidan o‘sdi, ammo asosiy muammo o‘zgardi: bugungi kunda nafaqat ishsizlikni kamaytirish, balki mehnatga layoqatli millionlab aholini, ayniqsa ayollar va ishchi kuchi yetarlicha jalb etilmagan hududlar aholisini mehnat bozoriga jalb qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu haqda Tojikiston prezidenti huzuridagi Statistika agentligi 2025-yil uchun mehnat kuchi bo‘yicha e’lon qilgan tadqiqotda so‘z boradi.

Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, 2004-yildan 2025-yilgacha Tojikistonda mehnatga layoqatli aholi soni 2,9 million kishiga oshgan. Agar 2004-yilda bunday aholi soni taxminan 4 million nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 6,9 million nafarga yetgan.

Shu bilan birga, 3 milliondan biroz ortiq kishi ishlagan yoki ish qidirgan. Band aholi soni 2,8 million nafarni, ishsizlar soni esa 191,2 ming nafarni tashkil etgan. Mamlakat bo‘yicha ishsizlik darajasi 6,3 foiz bo‘lgan.

Biroq aholining katta qismi mehnat bozorida ishtirok etmaydi. Bundaylar soni 3,8 million nafarni tashkil etadi, bu esa mehnat kuchi sonidan ham ko‘proqdir.

Ayollar mehnat bozorida kamroq ishtirok etmoqda

Tadqiqot ma’lumotlari ayollar mehnat bozoridan tashqarida ko‘proq qolishini ko‘rsatmoqda.

Erkaklar orasida mehnat kuchi ishtirok darajasi 57,1 foizni tashkil etsa, ayollarda bu ko‘rsatkich 30,9 foizga teng. Bandlik bo‘yicha ham katta farq saqlanib qolmoqda: erkaklarning 54,1 foizi ishlaydi, ayollarda esa bu ko‘rsatkich 28,3 foizni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, ayollar orasida ishsizlik darajasi yuqoriroq – 8,5 foiz. Erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 5,2 foizni tashkil etadi. Mehnat bozori tarkibiga kirmaydigan aholi orasida ayollar ulushi qariyb 62 foizga teng.

Mehnat resurslarining asosiy qismi qishloqlarga to‘g‘ri keladi

Tojikistonda mehnatga layoqatli aholining asosiy qismi qishloq joylarda yashaydi – 70,7 foiz. Shaharlar hissasi esa 29,3 foizni tashkil etadi.

Shunga o‘xshash holat mehnat kuchi tarkibida ham kuzatiladi: uning 71,3 foizi qishloqlarga, 28,7 foizi shaharlarga to‘g‘ri keladi. Band aholi orasida qishloq aholisi ulushi 71,6 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, ishsizlarning ham uchdan ikki qismi qishloq joylarda yashaydi – 66,7 foiz. Mehnat bozori tarkibiga kirmaydigan aholi orasida qishloq aholisi ulushi 70,2 foizga teng.

Hududlarda mehnat bozori notekis rivojlanmoqda

2025-yilgi mehnat kuchi tadqiqoti ma’lumotlari ko‘rsatishicha, Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati va Sug‘d viloyatida aholi mehnat bozoriga faolroq jalb qilingan. Ayni paytda Xatlon viloyati va Respublikaga bo‘ysunuvchi tumanlarda bandlik va mehnat salohiyatidan foydalanish muammolari kuchliroq sezilmoqda.
Mehnatga layoqatli aholining eng katta qismi Xatlon viloyatida yashaydi –taxminan 2,5 million kishi.
Mehnat kuchi va band aholi soni bo‘yicha Sug‘d viloyati yetakchilik qilmoqda. U yerda taxminan 1,1 million kishi ishlaydi yoki ish qidiradi, band aholi soni esa 1 milliondan oshadi.

Aholining mehnat kuchi tarkibida ishtirok etish darajasi eng yuqori ko‘rsatkich Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida – 59 foiz va Sug‘d viloyatida – 54,8 foiz qayd etilgan.

Eng past ko‘rsatkichlar Respublikaga bo‘ysunuvchi tumanlar, Xatlon viloyati va Dushanbe shahrida kuzatilgan.
Ishsizlik darajasi eng yuqori Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida – 8,6 foiz va Respublikaga bo‘ysunuvchi tumanlarda – 7,4 foizni tashkil etgan.

Eng past ishsizlik darajasi Sug‘d viloyatida qayd etilgan – 5,9 foiz.

Mehnat resurslaridan to‘liq foydalanmaslik darajasi eng yuqori ko‘rsatkich Respublikaga bo‘ysunuvchi tumanlarda kuzatilgan – 14,5 foiz.

So‘nggi 21 yilda mehnat bozorida nimalar o‘zgardi

Tadqiqotda 2004–2025-yillar davomida mehnat kuchi bilan bog‘liq asosiy ko‘rsatkichlar dinamikasi ham keltirilgan. Bu davr mobaynida Tojikistonda mehnatga layoqatli aholi, mehnat kuchi va band aholi soni oshgan.
Mehnat kuchi soni 2,3 million nafardan 3 milliondan ortiq kishigacha ko‘paygan. Band aholi soni esa 2,1 million nafardan 2,8 million nafarga yetgan.

rasm


Eng katta o‘zgarish – mehnat bozori tarkibiga kirmaydigan aholi sonining o‘sishi bo‘lgan. Agar 2004-yilda bundaylar soni taxminan 1,3 million nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 3,8 million nafarga yetgan. Ya’ni 21 yil ichida ularning soni qariyb uch baravar oshgan.

Bu esa mehnatga layoqatli aholining tobora ko‘proq qismi ishlamayotgani va ish ham qidirmayotganini anglatadi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bugungi kundagi asosiy muammo faqat ishsizlik emas, balki mehnatga layoqatli aholining katta qismi mehnat bozorida ishtirok etmayotganidir. Ularning aksariyati umuman mehnat bozoriga chiqmaydi va ish qidirmaydi.

Sabablar orasida, ayniqsa, uy-ro‘zg‘or ishlari va oila parvarishi tufayli ayollarning bandlikda kam ishtirok etishi, shuningdek, mehnatga layoqatli aholining katta qismi yashaydigan qishloq joylarda barqaror ish o‘rinlarining yetishmasligi qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid