
Ukrainada 14 yoshda ham nikoh qurishga ruxsat berilishi mumkin
Yangi qonun loyihasi homiladorlik yoki farzand tug‘ilishi holatida sud qarori bilan erta nikohga yo‘l ochishi mumkin.

Ukrainada voyaga yetmaganlarning nikohdan o‘tishi uchun yangi qoidalar joriy etilishi kutilmoqda — mamlakatda muayyan shartlar asosida 14 yoshdan nikoh tuzishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Nur.kz xabar berdi.
Qayd etilishicha, tegishli me’yorlar yangi Fuqarolik kodeksi loyihasida ko‘zda tutilgan bo‘lib, u yaqin vaqt ichida Ukraina Oliy Radasi muhokamasiga kiritilishi mumkin.
Loyihaga ko‘ra, umumiy nikoh yoshi ayollar uchun ham, erkaklar uchun ham 18 yosh bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, nikohni vaqtliroq ro‘yxatdan o‘tkazishga imkon beruvchi istisnolar ko‘zda tutilmoqda.
Jumladan:
• Sud qaroriga ko‘ra, agar shaxsning manfaatlariga mos kelsa, 16 yoshdan nikoh qurish huquqi berilishi mumkin.
• Agar ayol homilador bo‘lsa yoki farzand dunyoga keltirgan bo‘lsa, sud 14 yoshdan nikohga ruxsat berishi mumkin.
Alohida ta’kidlanishicha, sud qarori majburiy shart bo‘lib qoladi — erta nikoh uchun avtomatik tarzda ruxsat berish ko‘zda tutilmagan.
Qayd etilishicha, Ukrainaning amaldagi qonunchiligida 14 yoshdan nikohga ruxsat berish imkoniyati mavjud emas. Hozirda nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan, biroq voyaga yetmagan shaxsning manfaatlariga mos kelishi isbotlangan taqdirda, sud qarori bilan 16 yoshdan ruxsat beriladi.





