Kasaba uyushmalari raisi davlat gerbidagi paxta va g‘alla tasvirini o‘zgartirishga chaqirdi
Senator Qudratilla Rafiqov o‘zining «Millat shavkati» maqolasida amaldagi davlat ramzlarini «ozodlikdan qochish» va 90-yillardagi siyosiy qo‘rquv mahsuli sifatida baholadi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator va siyosatshunos Qudratilla Rafiqov davlat gerbidagi paxta va g‘alla ramzlarini tanqid qilib, bu ramzlar mamlakat mustaqillikka erishganidan keyin ham mafkuraviy jihatdan sobiq tizim xarobalari uzra qolib ketganlikni anglatishini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining «Millat shavkati» nomli maqolasida bayon etgan.
«Deylik, мuстақилликка erishganimizdan keyin ham gerbimizdagi chambarakka alvon-la o‘ralgan “iftixorimiz ramzi” bo‘lgan paxta va g‘alla tasvirlari o‘zgarmadi. Nega? Holbuki, Prezidentimiz ko‘p bor aytganlaridek, paxtadan oladigan daromadimiz o‘sha yillari bir milliard dollarga yetib-yetmagan. Shu holicha ham ushbu dehqonchilik mahsulotlari bizning ijtimoiy-ma’naviy identligimizni belgilashi kerakmidi? Biz o‘z asriy orzu-armonlarimiz, ulug‘ niyatlarimiz va bu jahondagi ruhoniy “o‘zligimiz”ni shu o‘simliklar siymosida ko‘rishimiz kerakmi?.. Albatta, bu mustaqillikdan keyin ham bir oyog‘imiz mafkuraviy jihatdan sobiq tizim xarobalari uzra qolib ketganini ангlaтади...
...Vaqt shuni ko‘rsatdiki, mustaqilligimiz va o‘zligimizni ifoda etuvchi simvollarimiz – davlat ramzlarimiz mohiyatida ham o‘tgan asrning 90-yillaridagi siyosiy xavotir, qo‘rquv va ikkilanish tajassum topgan. Ayni mavzudagi so‘zimni yakunlab shuni aytishim mumkinki, bu olmon faylasufi Erix Fromm тасвирlaган «Ozodlikdan qochish» fenomeniga juda yaqin hodisa edi», - deya fikrlarini bildirgan Qudratilla Rafiqov.
Muallif maqolasida sohadan olinadigan daromad o‘sha yillari bir milliard dollarga ham yetmaganini eslatib, ushbu dehqonchilik mahsulotlari jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy identligini belgilamasligi lozimligini qayd etgan.
Uning fikricha, qishloq xo‘jaligi mavzusidagi gurunglar va «yerni chuqurroq haydash» kabi terminlar bilan nutq qilish sovet va undan keyingi turg‘unlik yillariga xos bo‘lib, paxta va g‘alla sobiq ittifoq davridagidek hayotning barcha jabhasida dominantlik qilib kelgan. Safarbarlik ortida jamiyatni manipulyatsiya qilish va erkin tafakkurni jilovlash istagi yashiringani, «Yangi uy qurmay turib, eskisini buzma!» degan shiorlar ostida eski tizim an’analari saqlab qolingani bildirilgan.
Shuningdek, Qudratilla Rafiqov maqolada Shavkat Mirziyoyevning 2001–2003 yillarda Samarqand viloyati hokimi sifatida olib borgan faoliyati, hududni chiqindilardan tozalash, «Sektor tizimi»ning dastlabki namunasini yaratish, «lo‘lilar» mahallasi aholisiga pasport berish, qishloq xo‘jaligida «Maslahat kengashlari» tuzish, «Oqchopsoy» suv omboriga tamal toshi qo‘yish hamda maktablar qoshida «yordamchi xo‘jalik» modelini joriy etish kabi ishlarini yodga olgan. Siyosatshunos Shavkat Mirziyoyevning avval Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi va keyinchalik Bosh vazir lavozimlaridagi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tgan.
Maqola yakunida muallif o‘tgan yili Prezidentning O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari uchrashuvida Shavkat Mirziyoyevga yuzlanib, Amir Temur davlatining bayrog‘i oradan yetti asr o‘tib Yangi O‘zbekiston bayrog‘i o‘laroq Shavkat Mirziyoyev tomonidan qayta ko‘tarilgani va jahon uzra mag‘rur hilpirayotgani haqida aytgan fikrlarini yana bir bor tasdiqlashini aytgan.





