add

Shavkat Mirziyoyev Amerika biznesi bilan yangi strategik sheriklikni belgiladi

Vashingtonda AQSHning yetakchi kompaniyalari bilan uchrashgan Prezident Mirziyoyev energetika, IT va infratuzilma sohalarida aniq hamkorlik yo‘nalishlarini bayon qildi.

Shavkat Mirziyoyev Amerika biznesi bilan yangi strategik sheriklikni belgiladi

2025 yil 6 noyabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSHning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda «Google», «Meta», «Amazon», «Boeing», «McKinsey», «John Deere» kabi yirik korporatsiyalar rahbarlari, AQSH savdo vaziri Hovard Latnik va boshqa rasmiylar qatnashdi, deb xabar bemoqda Prezident matbuot xizmati.

Prezident so‘nggi 8 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi to‘rt barobar oshganini, mamlakatimizda 300 dan ortiq Amerika kompaniyasi faoliyat yuritayotganini qayd etdi. U bugungi darajani yangi strategik bosqich deb baholar ekan, yaqin kunlarda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda qo‘shma iqtisodiy tashabbuslar muhokama qilinishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev 2030 yilgacha 18–20 GW quvvatga ega qayta tiklanuvchi energetika tizimi yaratilishini ma’lum qildi. Elektr energiyasining kamida yarmi quyosh va shamol manbalari hisobiga ishlab chiqariladi. Bu borada AQSH bilan uran, mis, molibden va grafit kabi xomashyoni qayta ishlash va yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish rejalashtirilgan.

Transport infratuzilmasini rivojlantirishga 2030 yilgacha 12 mlrd dollar yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Avtomobil va temir yo‘llar, aeroportlar va logistika terminallari modernizatsiya qilinadi.

Shuningdek, raqamli hamkorlik ham kengaymoqda. «Google», «Meta» va «NVIDIA» kompaniyalari bilan birga Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish, startap-hablar va Raqamli akademiya tashkil etish loyihalari ilgari surilmoqda.

Prezident DFC va Eksimbank kabi moliyaviy institutlar O‘zbekistondagi yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida u AQSH sarmoyadorlarini shaxsan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirib, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun ishonchli hamkor bo‘lib qolishini urg‘uladi.

Teglar

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev Amerika biznesi bilan yangi strategik sheriklikni belgiladi | Vaqt.uz