
Mamdanining g‘alabasidan keyin Tramp Nyu York shahrini moliyalashtirishni qisqartirdi
Mamdani Tramp kabi milliarderlarning soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashi va korrupsiyaga barham berishini aytgan.

Nyu Yorkda tarix yozildi! Demokrat Zohran Mamdani 50,6 foiz ovoz olib, shaharning birinchi musulmon meri bo‘ldi. Saylovdagi g‘alabadan so‘ng Mamdani AQSH prezidenti Donald Trampga keskin xabarlar yo‘lladi, Tramp esa tahdidini amalga oshirib, Nyu-York shahar hokimligining mablag‘larini qisqartirdi.
Mamdanining tarixiy g‘alabasi
Nyu Yorkda Demokratik partiyadan merlikka nomzod Zohran Mamdani, AP’ning norasmiy natijalariga ko‘ra 50,6 foiz ovoz olib, Nyu Yorkning birinchi musulmon meri bo‘ldi. 34 yoshli Mamdani o‘zining eng yaqin raqibi mustaqil nomzod Endryu Kuomodan taxminan 9 foizga ustun keldi.
«Nyu York bu kecha o‘zgarishlar uchun vakolat berdi, siz yangi turdagi siyosat uchun vakolat berdingiz», - dedi u saylovdagi g‘alabasidan so‘ng so‘zlagan nutqida.
«Siyosiy sulolani ag‘dardik»
Mamdani saylovdagi g‘alabasi bilan Nyu York bundan buyon musulmonlarga qarshi nafrat so‘zlari yutgan shahar bo‘lib qolmasligini ta’kidladi.
«Despotni qo‘rqitishning yo‘li — uning hokimiyatga ega bo‘lishiga imkon beradigan shart-sharoitlarni yo‘q qilishdir», - dedi Mamdani AQSH prezidenti Donald Trampga murojaat qilib: «Ovozni balandlating, chunki siz meni kuzatib turganingizni bilaman».
Tramp Nyu York fondini qisqartirdi
Saylov kampaniyasi vaqtida Mamdaniga qarshi bayonotlar bergan Tramp uni «kommunistik ruhiy bemor» deb atagan va agar saylansa, Nyu York shahriga federal moliyalashni qisqartirishga va’da bergan. Mamdanining g‘alabasidan so‘ng Tramp va’dasini bajardi va Nyu York shahrini moliyalashtirishni qisqartirdi.
Mamdani Tramp kabi milliarderlarning soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va korrupsiya madaniyatiga barham berishlarini aytdi.
«Nyu York muhojirlar tomonidan qurilgan shahar va bugun tundan boshlab u muhojirlar boshqaradigan shahar bo‘lib qoladi», - dedi u. Mamdani, shuningdek, o‘zining kimligi va siyosiy qarashlarini qabul qilishini ta’kidlab, «Men musulmonman. Men demokratik sotsialistman. Buning uchun uzr so‘rashni rad etaman», - dedi.
Saylovdagi g‘alabasi bilan Mamdani ular Nyu Yorkda jasur yangi siyosiy yo‘lga kirishishlarini e’lon qildi.
«Bu shunchaki Trampni to‘xtatish emas, bu keyingi diktaturani to‘xtatish yo‘lidir», - dedi Mamdani o‘zgarishlar davriga ishora qilib.





