add

2025 yilda o‘zbekistonliklarga 390 mlrd so‘m keshbek qaytarildi

30.01.2026 | 16:152 daqiqa

Elektron cheklar tizimi orqali bir yilda milliardlab operatsiya amalga oshirilib, ularning bir qismi iste’molchilarga keshbek sifatida taqdim etildi.

2025 yilda o‘zbekistonliklarga 390 mlrd so‘m keshbek qaytarildi

2025 yilda O‘zbekistonda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida elektron fiskal cheklar tizimi keng joriy etilib, iste’molchilarga umumiy qiymati 132,3 trln so‘mlik 2 mlrd 936 mln dona elektron chek taqdim etildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, elektron cheklarni taqdim etish natijasida xaridorlarga avtomatik tarzda 800 mln dona chek uchun 390 mlrd so‘m keshbek hisoblandi.

Marketpleyslar va integratsiya holati

2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, elektron fiskal chek taqdim etish tizimida jami 235 ta marketpleys ro‘yxatga olingan. Ular orasida 46 ta elektron to‘lov tizimi, 35 ta bank mobil ilovasi va 154 ta internet do‘kon mavjud.

Elektron to‘lov tizimlarining 37 tasi to‘liq integratsiya qilingan, 4 tasi integratsiya jarayonida, 5 tasi esa faoliyat yuritmayapti. Bank mobil ilovalari segmentida 33 ta platforma to‘liq integratsiyadan o‘tgan, 2 tasi integratsiya jarayonida qolmoqda. Internet do‘konlar orasida esa 116 tasi to‘liq integratsiya qilingan, 31 tasi jarayonda, 7 tasi faoliyat yuritmayotgani qayd etildi.

Qo‘shimcha ma’lumotlar

Shuningdek, 2025 yil davomida taqdim etilgan elektron cheklarning 84,9 foizi elektron to‘lov tizimlari, 7,7 foizi bank mobil ilovalari va 7,4 foizi internet do‘konlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Cheklar summasi bo‘yicha esa elektron to‘lov tizimlari 78 trln so‘mdan ortiq, bank ilovalari 22 trln so‘mga yaqin, internet do‘konlar esa 32 trln so‘mdan ziyod hajmni tashkil etgan. Yilning to‘rtinchi choragida elektron cheklar soni va summasi eng yuqori darajaga chiqqan.

Ma’lumot o‘rnida, Biznes-ombudsman e’lon qilgan reytingga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi 2025 yilda tadbirkorlar faoliyatiga eng ko‘p to‘sqinlik qiluvchi organ sifatida baholangan edi.

Mavzuga oid