
Anjelina Jolidan tortib Denzel Vashingtongacha: Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalariga kimlarni taklif qilmoqchi?
17.10.2025 | 14:0013932
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning tarixiy shaxslari haqida butun dunyoga hikoya qiladigan videoloyihalar tayyorlamoqda. Loyihalarga xalqaro yulduzlarni hikoyachi sifatida jalb qilish rejalashtirilgan.

Toshkentda joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazida kengaytirilgan ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda markaz faoliyatini rivojlantirish, ekspozitsiyalar mazmunini boyitish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Markaz matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yaqin vaqtlarda «Euronews», «BBC» va «CNN» telekanallarida yuz nafar buyuk o‘zbek allomasi haqida videoloyihalar namoyish etiladi. Bu loyihalar orqali O‘zbekiston tarixidagi ulug‘ shaxslar, kashfiyotlar va ilmiy yutuqlar haqida jahon jamoatchiligiga ma’lumot berish rejalashtirilgan.
Markaz rahbariyati ushbu videoloyihalarga Morgan Friman, Denzel Vashington, Mel Gibson, Anjelina Joli va Burak Ozchivit kabi dunyo yulduzlarini hikoyachi sifatida jalb etishni rejalashtirmoqda. Shunday loyihalardan biriga ikki karra «Oskar» sovrindori Ben Kingsli allaqachon taklif qilingan. U Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi maxsus videoloyihada hikoyachi sifatida qatnashmoqda.
Kingsli o‘z ijodi davomida «Gandi», «Shindler ro‘yxati», «Tabib. Ibn Sinoning shogirdi» va «Fors shahzodasi» kabi mashhur filmlardagi rollari orqali jahon kinomanlariga tanilgan. Ayniqsa, u ijro etgan Ibn Sino obrazi butun dunyoda katta taassurot qoldirgan.
Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda 150 dan ortiq qisqa metrajli film va videoroliklarni tayyorlamoqda. Ushbu materiallar markaz ekspozitsiyalarida namoyish etiladi. Ilmiy kengash har bir videomahsulotning mazmun va sifatini ko‘rib chiqish orqali uning ilmiy va ma’rifiy ahamiyatini ta’minlaydi.





