
O‘zbekiston 9 oyda Xitoyga qancha gaz sotgani ma’lum bo‘ldi
20.10.2025 | 21:319691
Mamlakat Xitoyga quvur orqali tabiy gaz yetkazib beruvchilar orasida beshinchi o‘rinni egallab turibdi.

O‘zbekiston joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida Xitoyga quvur orqali taxminan 630 million dollarlik tabiiy gaz eksport qildi. Bu haqda Xitoy bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya hozirda Xitoyning asosiy gaz yetkazib beruvchisiga aylangan. U 9 oyda 7,29 mlrd dollarlik tabiiy gaz yetkazib bergan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 18,9 foizga ko‘proq.
Turkmaniston uzoq yillar davomida yetakchi bo‘lib kelgan bo‘lsa-da, bu yil uning yetkazib berish hajmi 12,7 foizga kamayib, 6,46 milliard dollarni tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda Myanma (1,18 milliard dollar), Qozog‘iston (854,7 million dollardan ortiq) va O‘zbekiston (taxminan 629,8 million dollar).
Ma’lumot uchun, 2024 yilda Xitoyning umumiy quvur gazi importi 21,1 milliard dollarni tashkil etgan, bu 2023 yilga nisbatan 8,6 foizga ko‘pdir.
Avvalroq, iqtisodchi-bloger gaz qazib olish qo‘rqinchli tarzda qisqarib borayotganiga qaramay, O‘zbekiston ikkinchi yildirki gaz eksportini tinimsiz oshirib borayotganini tanqid qilgan edi.
«Oxirgi 8 oyda qariyb 500 mln dollarlik yoki mintaqaladagi narxlar hisobga olinsa qariyb 2,5 mlrd kub hajmida gaz eksport qilingan. Bu misol uchun, O‘zbekistonning barcha issiqxonalariga kamida 3 mavsumga yetadigan gaz degani. Qazishning qisqarayotgani, o‘sib borayotgan iqtisodiyot va qo‘shilgan qiymat afzalliklari inobatga olinsa, O‘zbekiston allaqachon gaz eksportini to‘xtatishi kerak edi. Bu masala avval bir necha marta ko‘tarilgan», - deya yozgan u.





