
Maktab va bog‘chalar qurilishi moliyasi mahalliy byudjetlar zimmasiga o‘tadi
2026 yildan ta’lim infratuzilmasini saqlash va yangilashga oid asosiy xarajatlar markazdan emas, mahalliy byudjetlar hisobidan qoplanadi.

O‘zbekistonda 2026 yildan boshlab maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek akademik litseylarni saqlash va ularning infratuzilmasini modernizatsiya qilish moliyalashtirilishi tubdan o‘zgaradi. Mazkur xarajatlar endi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri byudjetlari hisobidan amalga oshiriladi. Bu orqali hududlarga ta’lim ob’ektlarini ehtiyojdan kelib chiqib rejalashtirish, qurish va ta’mirlash bo‘yicha kengroq vakolat berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yangi tartibga muvofiq, maktab va bog‘chalarni loyihalashtirish, qurish yoki rekonstruksiya qilish, shuningdek ularni kapital ta’mirlash uchun mablag‘ ajratishda mahalliy byudjetlarning roli asosiy darajaga chiqadi. Bu esa hududlardagi demografik o‘sish, talab va mavjud infratuzilma holatini hisobga olgan holda aniqroq qaror qabul qilish imkonini yaratadi.
Respublika byudjeti esa hududlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. 2026 yilda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri byudjetlariga jami 19,7 trln so‘m tartibga soluvchi byudjetlararo transfert ajratilishi rejalashtirilgan. Shuning 3,6 trln so‘mi aksiz solig‘i tushumlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mexanizm mahalliy byudjetlar barqarorligini ta’minlash va ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini uzluksiz moliyalashtirishga xizmat qiladi.
Moliyalashtirish vakolatlarining hududlarga o‘tkazilishi ta’lim sohasidagi islohotlarni joylarda tezroq amalga oshirish, ob’ektlarning sifati va qurilish sur’atini oshirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.





