
Poytaxt bosh soliqchisi ishdan olindi. Tuman rahbarlarining barchasi v.b. sifatida ishlaydi
Shavkat Mirziyoyev Soliq qo‘mitasi raisiga Toshkent shahri bosh soliqchisini ishdan olish, poytaxtdagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yishni topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 27-yanvar kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazayotgan videoselektor yig‘ilishida Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latovga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yishni topshirdi.
Shuningdek, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i X.Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Y.Nasimjonovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.
Qo‘mita raisi Po‘latov va qo‘mitaga tayinlangan komplayens bo‘yicha yangi o‘rinbosar A.Soliyevga korrupsiyaga murosasiz muhitni yaratish, Toshkent shahri soliq rahbarlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqib, ularning o‘rnini vatanparvar, yangilikka intilib ishlaydigan shijoatli yoshlar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.G‘aniyev qo‘shtirnoq ostidagi “tadbirkor”larga soliqdan qochishda yo‘l ko‘rsatib yurgani uchun uni bugunning o‘zida ishdan olish topshirildi.
A.Soliyev va Toshkent shahar hokimiga komplayens bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlangan M.Mirhamidov poytaxtda yashirin iqtisodiyotga qarshi murosasiz muhit yaratishga mas’ul bo‘lishi belgilandi.
Mazkur yig‘ilishda Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan sun’iy ortiqcha to‘lov hosil qilish orqali uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘paygani, o‘tgan yilda mazkur soliqni noqonuniy qaytarish bo‘yicha 20 nafar soliq xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingandi. Shuningdek, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev va Mirzo Ulug‘bek tumani bosh soliqchisi Dilshod Usmonov ishdan olingani haqida xabar berilgan edi.





