add

Abu Dabi muzokaralari: tomonlar ilk almashuvga kelishdi

Kecha 07:582 daqiqa

Ukraina, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralarning ikkinchi boqichida harbiy asirlarni o‘zaro ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Abu Dabi muzokaralari: tomonlar ilk almashuvga kelishdi

Abu-Dabida 4–5-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Ukraina, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralar konstruktiv ruhda o‘tdi. Bu haqda Ukraina delegatsiyasi rahbari, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umerov ma’lum qildi.

U muzokaralar yakunlari bo‘yicha «Facebook» sahifasida kommyunike e’lon qilib, uchrashuvning asosiy maqsadi Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni oldinga surish bo‘lganini ta’kidladi.

«Muhokamalar konstruktiv tus oldi va barqaror tinchlikka erishish uchun shart-sharoitlar yaratish yo‘llariga qaratildi», — deb yozdi Umerov.

Bu 2026 yil boshidan buyon o‘tkazilgan ikkinchi uch tomonlama muzokaralar hisoblanadi.

 

Ilk kelishuv

Muzokaralar natijasida tomonlar harbiy asirlarni o‘zaro ozod qilish bo‘yicha aniq kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, Rossiya va Ukraina tomonidan 157 nafardan harbiy asir ozod qilindi.

Rustam Umerov ta’kidlashicha, bu so‘nggi besh oy ichida amalga oshirilgan ilk asirlar almashuvidir. Bu kelishuv muzokaralar jarayonida erishilgan ilk amaliy natija sifatida baholanmoqda.

Asirlar almashuvi masalasi humanitar yo‘nalishda ishonchni tiklashga xizmat qilishi mumkinligi qayd etilmoqda.

 

Keyingi bosqich

Kommyunikega ko‘ra, ikki kun davomida delegatsiyalar hal etilmagan masalalarni ham muhokama qildi. Jumladan, o‘t ochishni to‘xtatish mexanizmlari, ehtimoliy sulhni joriy etish va uni nazorat qilish usullari muhokama qilingan.

Umerovning ta’kidlashicha, tomonlar o‘z poytaxtlarini muzokaralar natijalari haqida xabardor qilish va yaqin haftalar ichida uch tomonlama muloqotni davom ettirishga kelishib olgan.

Muzokaralarning keyingi bosqichi urushni to‘xtatish bo‘yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish nuqtayi nazaridan hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid