
AQSH Rossiyaga nisbatan yangi keng qamrovli sanksiyalarni e’lon qildi
AQSH moliya vaziri Skott Bessent yangi sanksiyalar paketi «salmoqli va jiddiy ta’sirga ega bo‘lishi»ni bildirdi. Bu qaror Putin bilan Tramp uchrashuvining bekor qilinishi ortidan qabul qilindi.

AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Bu haqda avval AQSH moliya vaziri Skott Bessent 22 oktyabr kuni jurnalistlarga ma’lum qildi, keyinroq Moliya vazirligi rasmiy saytida qaror e’lon qilindi.
Yangi sanksiyalar paketida ilk marta Rossiyaning energetika sohasi — «Rosneft» va «Lukoyl» kabi yirik kompaniyalar ham qamrab olinadi.
Ular tarkibidagi 50 foiz va undan ortiq ulushga ega sho‘’ba korxonalari ham tahdid doirasiga kiritilgan. Bu sanksiyalar ushbu kompaniyalar bilan hamkorlik qilayotgan chet el korporatsiyalari uchun ikkilamchi sanksiyalar xavfini oshiradi.
Bessent sanksiyalar «salmoqli va jiddiy ta’sirga ega bo‘ladi», deb ta’kidladi, ammo qaysi sohalarga taalluqli bo‘lishi haqida ma’lumot bermadi. Bloomberg nashrining yozishicha, ushbu qaror AQSH prezidenti Donald Trampning Vladimir Putin bilan uchrashuv g‘oyasidan voz kechganidan so‘ng qabul qilingan.
Tramp va Putin o‘tgan hafta telefon orqali suhbatlashgan va Budapeshtda Ukrainadagi urushni to‘xtatish shartlarini muhokama qilishga kelishgan edi. Ammo Kreml janglarni to‘xtatish taklifini rad etdi, Kiyev esa uni qo‘llab-quvvatladi. AQSH prezidenti bu munosabat bilan «muzokaralar foydasiz» deb hisoblab, sammitni bekor qildi.
Reuters manbasining ta’kidlashicha, Tramp bunday qarorga Putinning hech qanday murakkab qaror yoki muvozanatli yondashuvga tayyor emasligini anglaganidan keyin kelgan. Shu bilan birga, Vashington Ukrainaga uzoq masofali raketa tizimlarini foydalanish bo‘yicha cheklovni ham bekor qildi.
Mazkur chora Rossiyaga nisbatan Donald Trampning ikkinchi prezidentlik davrida joriy etilgan ilk yirik sanksiya hisoblanadi.





