
O‘zbekistonda 9 oylik soliq tushumlari 158 trln so‘mdan oshdi
18.10.2025 | 09:3027711
2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekiston byudjetiga 158,7 trln so‘m miqdorida soliq tushumlari ta’minlandi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga ko‘pdir.

Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakat bo‘yicha byudjetga umumiy 158,7 trln so‘m soliq va yig‘imlar tushdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 18 foiz o‘sishni qayd etdi.
Soliq tushumlari tarkibida asosiy soliq turlari bo‘yicha o‘sish kuzatildi. Xususan, foyda solig‘idan 35,4 trln so‘m (+14 foiz), QQSdan 32,5 trln so‘m (+14 foiz), jismoniy shaxslar daromad solig‘idan 30,3 trln so‘m (+19 foiz) tushum ta’minlangan. Shu bilan birga, yer osti boyliklaridan foydalanish solig‘i 16 trln so‘mni (+24 foiz), aksiz solig‘i 14,4 trln so‘mni (+14 foiz) tashkil etdi.
Shuningdek, nosoliq tushumlar 13,8 trln so‘m (+30 foiz), yer solig‘i 7,2 trln so‘m (+20 foiz), mulk solig‘i 6 trln so‘m (+16 foiz), aylanmadan soliq 2,4 trln so‘m (+12 foiz) hamda suv resurslaridan foydalanish solig‘i 0,7 trln so‘m (+16 foiz)ni tashkil etdi. Nosoliq tushumlar tarkibiga davlat bojlari, jarimalar va yig‘imlar kiradi.
Hududlar bo‘yicha tahlilga ko‘ra, soliq tushumlari o‘sish sur’ati jami 27 foiz, uchinchi chorakda esa 30 foizga yetgan. Eng yuqori o‘sish Navoiy viloyatida (86 foiz), Farg‘ona viloyatida (39 foiz), Toshkent shahrida (33 foiz) va Sirdaryo viloyatida (32 foiz) qayd etilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu o‘sish iqtisodiy faollikning oshishi, biznes sub’ektlari soni ko‘payishi va soliq ma’muriyatchiligining raqamlashtirilishi bilan izohlanadi.





