
Putin Tramp atrofidagilarning sabr kosasini to‘ldirdi — Financial Times
04.10.2025 | 09:5016364
Tramp ma’muriyatida Ukraina masalasida «tektonik siljish» yuz bergan. Buning ortidan AQSH Rossiya energetikasiga oid razvedka ma’lumotlarini Ukrainaga berishga qaror qildi.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Putinning harakatlari AQSH prezidenti Donald Trampning asosiy maslahatchilarining sabrini to‘ldirdi. Nashr manbalariga ko‘ra, Vashingtonning Ukraina masalasida keskin pozitsiya o‘zgarishi shu bilan izohlanadi.
AQSH sentyabr oyida Kiyevga Rossiya energetika infratuzilmasiga zarbalar uchun razvedka ma’lumotlarini taqdim etdi. Buning natijasida mamlakatda beshta yirik neftni qayta ishlash zavodi ishini to‘xtatdi. Benzin tanqisligi Uzoq Sharqdan Rossiya markazigacha bo‘lgan hududlarni qamrab oldi.
Ma’muriyat vakillarining chiqishlari ham tobora keskinlashmoqda. 15 sentyabrda AQSH prezidentining maxsus vakili Kit Kellog Amerika armiyasi Rossiya harbiylarini «osonlikcha mag‘lub eta olishini» aytdi. Bir hafta o‘tib esa Trampning o‘zi Rossiyani «qog‘oz yo‘lbars» deb atadi. Uning fikricha, Moskva «uch yarim yildan beri hech qanday maqsadsiz urush qilayapti», holbuki haqiqiy harbiy qudratga ega davlat bunday urushni bir haftada yakunlashi mumkin edi. Shuningdek, u yaqinda AQSHni yadroviy qurol bilan tahdid qilgan Dmitriy Medvedevni «ahmoq» deb atadi.
Vladimir Putin esa bu bayonotlarga e’tibor qaratmayotgandek ko‘rinayapti. Siyosatshunos Abbos Gallyamovning ta’kidlashicha, Putinning voqelikni inkor etishi «yaqqol shakl» olgan. 2 oktyabr kuni «Valday» klubida so‘zga chiqqan Putin AQSH ma’muriyatini «ratsional yondashuvi» uchun maqtarkan, Yevropa davlatlarini esa urushni cho‘zishi uchun aybladi.
«Putinning ishlari borgan sari yomonlashmoqda: jang maydonida harbiy zafarlar yo‘q, iqtisodiyot inqirozga yuz tutayapti, jamiyat charchagan, Ukraina Qurolli kuchlari esa Rossiya neft qayta ishlash sohasiga zarba berishda davom etmoqda. Hatto Tramp ham ritorikasini qat’iylashtirdi», — dedi Gallyamov.Unga ko‘ra, Putin uchun eng muhim vazifa — «sinmaganlik obrazini ko‘rsatish va oldin qanday yolg‘on gapirgan bo‘lsa, hozir ham shunday yolg‘on gapirayotganini namoyon etish».





