add

O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalarida yangi bosqich: «ochiq banking» va tokenlashtirilgan aktivlar (steyblkoinlar)

28.11.2025 | 15:253316 daqiqa

Prezident qaroriga muvofiq, 2026 yildan mamlakatda «ochiq banking» tizimi joriy etiladi. Shuningdek, steyblkoin rasman to‘lov vositasiga aylanadi.

O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalarida yangi bosqich: «ochiq banking» va tokenlashtirilgan aktivlar (steyblkoinlar)

O‘zbekiston moliyaviy bozorini tubdan yangilaydigan qator islohotlarni amalga oshirmoqda. Prezidentning moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishga oid «O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1-sentabrga qadar banklar, to‘lov tashkilotlari va fintex kompaniyalari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashinuvini ta’minlaydigan «ochiq banking» tizimi ishga tushiriladi.

«Open banking» nima?

Bu — banklar, fintex kompaniyalari va to‘lov servislari o‘rtasida ma’lumot almashishni raqamlashtiradigan tizim. Mijoz rozilik bergan taqdirda, uning hisobvaraqlari, tranzaksiyalar tarixi va moliyaviy holati haqidagi ma’lumotlar ishonchli va himoyalangan formatda uchinchi tomonlarga taqdim etiladi. Hozirda dunyoning rivojlangan mamlakatlari: AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya kabi davlatlar rasman «open banking» tizimidan foydalanadi.

«Open banking» nima uchun muhim?

Bu tizim bank sohasini monopoliyadan chiqaradi, yangi raqamli moliya ekotizimining asosiy qurilishi hisoblanadi. «Open banking» mijozlarga shaxsiy byudjetni boshqarish ilovalari, arzonroq moliyaviy xizmatlar, kredit olishda yengillik va boshqa moliyaviy jarayonlarni tez va sodda ko‘rinishda olish imkoniyatlarini yaratadi.

Bank va fintex tashkilotlari esa yangicha xizmatlar yaratish, xarajatlarni kamaytirish va bank ekotizimida innovatsiyalarni tez joriy etish kabi imkoniyatlarga ega bo‘lishi mumkin. Bu iqtisodiyot uchun ham samarali vosita hisoblanadi: fintex startaplar ko‘payadi, shaffoflik va raqobat oshadi, raqamli iqtisodiyot tez rivojlanadi.

Barqaror tokenlar (steyblkoinlar) rasman to‘lov vositasiga aylanadi

Shuningdek, Qarorda 2026 yil 1-yanvardan barqaror tokenlar aylanmasini tartibga soluvchi maxsus huquqiy rejim joriy etilishi ham belgilangan. Bu doirada ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida to‘lov tizimlari bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi. «Tartibga solish qumdoni» rejimining qoidalari Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Markaziy bank tomonidan belgilab beriladi.

Kelgusi yildan boshlab yuridik shaxslarga tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni emissiya qilishga ruxsat berilmoqda. Shuningdek, litsenziyalangan birjalarda ushbu aktivlarni joylashtirish va muomalada bo‘lishi uchun alohida savdo maydonchasi tashkil etiladi. Bu moliya bozorida raqamli aktivlar aylanmasini huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov sentabr oyidagi chiqishida O‘zbekistonda steyblkoinlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanishga ruxsat berilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda raqamli valuta borasida izlanishlar ketmoqda va bu yo‘nalishda ikki asosiy model ko‘rib chiqilmoqda: Markaziy bank raqamli valyutasi hamda tijorat banklari tomonidan chiqariladigan raqamli valuta. Agar tijorat banki tokenni pul bilan to‘liq ta’minlay olsa, unga raqamli valuta chiqarishga ruxsat berilishi mumkin.

Ishmetovga ko‘ra, Prezidentga taqdim etilgan hisobotda ushbu masalani pilot tarzda boshlash taklif etilgan. U shuningdek, jahon amaliyotida steyblkoinlar bo‘yicha turli yondashuvlar mavjudligini qayd etdi. Masalan, AQSHda qabul qilingan qonunda raqamli valuta emissiyasi Markaziy bangga emas, tijorat banklariga biriktirilgan. Bu esa ma’lum xavflarni yuzaga keltiradi, chunki bunday tokenlar real pul zaxirasi bilan to‘liq ta’minlanishi shart; aks holda, bu qo‘shimcha pul emissiyasiga aylanib, moliyaviy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu sababli Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi texnologik «qumdon» asosida test sinovlari o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Sinov natijalari orqali aholi va biznesda bunday to‘lov vositasiga real talab bor-yo‘qligi aniqlanadi. Regulyator rahbarining ta’kidlashicha, raqamli valyutalar bo‘yicha kutilmalar odatda yuqori bo‘ladi, ammo amaliyot shuni ko‘rsatadiki, agar mamlakatda an’anaviy to‘lov tizimlari yaxshi rivojlangan bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lov instrumentlarining ahamiyati kamayishi mumkin. Shu bois, qaror amaliyot va real bozor ehtiyojiga tayanilgan holda qabul qilinadi.

Ishmetov shuningdek, Markaziy bank raqamli valyutasining asosiy vazifasi aholining kundalik to‘lovlari emas, balki tijorat banklari o‘rtasidagi hisob-kitoblarni tezlashtirish va xalqaro markaziy banklar o‘rtasidagi tranzaksiyalarni yengillashtirishdan iborat bo‘lishini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha variantlar bosqichma-bosqich o‘rganiladi, test qilinadi va qat’iy nazorat asosida baholanadi, chunki raqamli valyutalar monetar siyosatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

10-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev fintex sohasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan va yig‘ilishda steyblkoinlarni to‘lov vositasi sifatida pilot tarzda sinovdan o‘tkazish, shuningdek, kapital bozorida qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga kelishilgan edi.

Barqaror tokenlar (steyblkoinlar) nima? Ular qanday ishlaydi va qayerlarda qo‘llaniladi?

Barqaror tokenlar, yoki steyblkoinlar — bu qiymati keskin o‘zgarmaydigan, odatda dollar, yevro yoki oltin kabi real aktivlarga bog‘langan raqamli tokenlardir. Odatiy kriptovalyutalardan farqli ravishda, ularning asosiy maqsadi — qiymatning barqarorligini saqlash va katta tebranishlar xavfini kamaytirish. Shu bois, steyblkoinlar dunyodagi eng ommalashgan raqamli aktivlardan biriga aylangan.

Steyblkoin ishlashi juda sodda: tokenni chiqaruvchi kompaniya yoki bank real aktivlarni — dollar, oltin yoki obligatsiyalarni — zaxira qilib qo‘yadi. Qanday miqdorda aktiv bo‘lsa, shuncha token chiqariladi. Masalan, 1 mln dollar zaxira qilinsa, 1 mln token ishlab chiqariladi va har bir tokenning qiymati taxminan 1 dollarga teng bo‘ladi. Barqarorlikni algoritmlar, auditorlik nazorati va real aktivlar bilan ta’minlash mexanizmlari ta’minlab beradi.

Steyblkoinlarning qo‘llanilishi juda keng. To‘lov vositasi sifatida ular tez, arzon va xalqaro to‘lovlarni yengillashtiradi. Onlayin to‘lovlarda komissiya past, pul o‘tkazmalari bir necha soniyada amalga oshadi. Kapital bozorida tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni sotib olishda ham steyblkoinlardan foydalanish imkoni bor. Shuningdek, kriptobozorda qiymatni saqlab turish — bitkoyn narxi tushganda barqaror tokenga o‘tish — keng qo‘llaniladigan usuldir.

Steyblkoinlar bir nechta turga bo‘linadi: eng keng tarqalgani — dollar bilan ta’minlangan USDT yoki USDC kabi tokenlar; oltin bilan ta’minlangan PAXG kabi turlar ham mavjud. Algoritmik steyblkoinlar esa aktivga bog‘lanmagan bo‘ladi, ammo xavflari yuqori hamda bir nechta loyihalar muvaffaqiyatsiz tugagan. Dunyoda AQSH, Yevropa Ittifoqi, Singapur, Yaponiya va Qozog‘iston kabi ko‘plab mamlakatlar steyblkoinlarni huquqiy tartibga sola boshlagan.

O‘zbekistonda fintex ekotizimini kengaytirish va venchur fondi

Qarorning yana bir muhim bandi — fintex ekotizimini kengaytirish. 2026–2030 yillar mobaynida startaplarga umumiy qiymati 1 mlrd dollarga teng xorijiy investitsiyalar jalb qilish rejalashtirilgan. Bozor ishtirokchilari soni esa kamida 200 taga yetkaziladi. Markaziy bank huzurida 50 mln dollarlik venchur fondi va innovatsion xab tashkil etilib, startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Innovatsion xab rezidentlariga moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha kurslarda o‘qish xarajatlarining 50 foizi, 20 ming dollargacha miqdorda qoplab beriladi. Shuningdek, 2026 yildan boshlab Markaziy bank har yili moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha xalqaro forumlar o‘tkazadi.

Venchur fond — bu yuqori xavfli, lekin katta istiqbolga ega bo‘lgan startap va innovatsion loyihalarga sarmoya kirituvchi investitsiya jamg‘armasidir. Fond katta darajada o‘sishi mumkin bo‘lgan IT, fintex, biotex va texnologik startaplarga pul tikadi. Agar loyiha muvaffaqiyatli bo‘lsa, fond ulushini qimmatga sotib katta daromad oladi; agar startap ishlamasa, sarmoya yo‘qolishi mumkin. Shuning uchun venchur sarmoyalar «yuqori xavf — yuqori daromad» tamoyiliga asoslanadi.

«Davlatning venchurga sho‘ng‘ib ketishi yaxshi emas»

«Venchur o‘zi juda yuqori xatarli loyihalarni moliyalashtiradi, endi bunga davlat byurokratiyasi, manfaatlar to‘qnashuvi, qaror qabul qilishdagi yomon ekspertiza, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvini, hisobdor bo‘lmagan yopiqlikni qo‘shing. Shu paytgacha davlat bolalatayotgan shuncha venchurlar o‘zlari kapitaliga tashqaridan yoki xususiy sektordan biron dollar jalb qila oldimi? Exit'lar bo‘yicha ahvol qanday?», — deya fikr bildirgan iqtisodchi Otabek Bakirov.

Xulosa sifatida shularni aytish mumkinki, venchur fondlar innovatsiya va startaplar uchun zarur moliyaviy vosita bo‘lgani bilan, uning yuqori xavfi davlat ishtirokini ehtiyotkorlik bilan rejalashtirishni talab qiladi. Mutaxassislar ta’kidlayotganidek, venchur sarmoyalarni samarali boshqarish uchun shaffoflik, mustaqil ekspertlar ishtirokida qaror qabul qilish va xususiy sektorni jalb etish asosiy sharti hisoblanadi. Aks holda, davlat mablag‘lari yuqori tavakkalli loyihalarda samarasiz sarflanishi xavfi saqlanib qoladi.

Teglar

Ruxsora Jovliyeva

Ruxsora JovliyevaMaqolalar soni: 64

Barchasi

Mavzuga oid

O‘zbekiston moliyaviy texnologiyalarida yangi bosqich: «ochiq banking» va tokenlashtirilgan aktivlar (steyblkoinlar) | Vaqt.uz