add

Tartibsiz parkovka uchun jarima, Buxoroga sayyohlardan tushgan tushum va hibsga olingan Humans’ning sobiq top-menejeri — 21 oktyabr dayjesti

21.10.2025 | 22:103693

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Tartibsiz parkovka uchun jarima, Buxoroga sayyohlardan tushgan tushum va hibsga olingan Humans’ning sobiq top-menejeri — 21 oktyabr dayjesti

Mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatishga ruxsat berildi

Yangi tartibga ko‘ra, mazkur tashkilotlar «Mikromoliya tashkilotlari va lombarlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish to‘g‘risida»gi nizom doirasiga kiritildi. Shu bilan birga, ularga islomiy moliyaning bir qator xizmat turlarini amalga oshirish huquqi berildi. Xususan, islomiy ijara, murobaxa (nasiya savdoga asoslangan moliyalash), muzoraba (foydani taqsimlash asosidagi sheriklik), mushoraka (foyda va zararni bo‘lish asosidagi sheriklik) hamda salam (oldindan to‘lov asosidagi moliyalash) xizmatlarini ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.

Qarorda tashkilotlar faoliyatidagi zaxira fondlarini shakllantirish, aktivlar sifatini baholash va «umidsiz» qarzlarni hisobdan chiqarish tartiblari ham aniq belgilab berilgan. Shuningdek, kapitalning yetarlilik koyeffitsiyenti jami xususiy kapitalning aktivlarga nisbati orqali hisoblanadi va u 10 foizdan kam bo‘lmasligi shart.

Nizomga muvofiq, bir qarzdor yoki o‘zaro bog‘liq qarzdorlar guruhiga to‘g‘ri keladigan tavakkalchilik tashkilot kapitalining 25 foizidan, barcha yirik tavakkalchiliklar yig‘indisi esa 5 barobaridan oshmasligi lozim.

Buxoroda sayyohlardan bir oyda qancha tushum tushgani ma’lum bo‘ldi

So‘nggi bir oyda Buxoroda turistlar tashrifi sezilarli o‘sib, xizmatlardan tushgan daromad 155 million dollardan oshib ketdi. Buxoro viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 5 sentyabrdan 15 oktyabrgacha bo‘lgan davrda viloyatda turizm faoliyati sezilarli darajada o‘sgan. Shu muddatda Buxoroga jami 1 million 224,2 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘pdir.

Sayyohlardan 570,8 ming nafari xorijiy, 653,4 ming nafari esa mahalliy bo‘lgan. Xorijlik mehmonlar soni 1,6 barobarga, ichki sayyohlarniki esa 1,5 barobarga oshgan. Mutaxassislar bu o‘sishni shaharda o‘tkazilgan Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bilan bog‘lamoqda.

Samarqand shahriga kirish yo‘llari 15 kunga yopiladi

30 oktyabrdan 14 noyabrgacha Samarqandga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi. Bu chora UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi munosabati bilan joriy etilgani haqida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, bu kunlarda shaharga tranzit tarzda kirayotgan transport vositalari uchun maxsus aylanma yo‘nalishlar ishlab chiqilgan. Haydovchilarga aylanma yo‘llar xaritasi aks etgan QR kodli flayerlar tarqatiladi.

Ichki ishlar vazirligi aholi va mehmonlarga murojaat qilib, Samarqandga safalarni imkoni bo‘lsa boshqa kunlarga ko‘chirishni so‘radi. «Bu choralar xalqaro anjumanni xavfsiz va tartibli o‘tkazish uchun zarur», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Toshkentda to‘lovsiz va tartibsiz parkovka uchun jarima joriy etish taklif qilindi

Toshkent shahar hokimligi to‘lovsiz va tartibsiz parkovka uchun jarima joriy etishni taklif qilmoqda. Taqdimotda Shota Rustaveli ko‘chasidagi misolda to‘lovsiz to‘xtash, tartibsizlik va jarima maydonchalarining yetishmasligi muammolari qayd etildi. Hokimlik bu holatni bartaraf etish uchun yangi jarima maydonchalari tashkil etish va pulli to‘xtash joylarida to‘lovni amalga oshirmagan haydovchilarga jarima belgilashni rejalashtirmoqda.

Amaldagi qonunchilikda to‘lovsiz parkovka uchun javobgarlik hali belgilanmagan, biroq bloger Kirill Altman ma’lumotiga ko‘ra, yaqin kelajakda bunday haydovchilarga 2 BHM (824 ming so‘m) miqdorida jarima joriy etilishi mumkin. Hozirda Poytaxt Parking tizimi 6 ta markaziy ko‘chada ishlamoqda va yil oxirigacha 13 mingdan ortiq to‘xtash joyini o‘z ichiga olishi kutilmoqda

Humans’ning sobiq top-menejeri Behzod Botirov hibsga olindi

PayWay to‘lov tashkiloti hammuassisi va kuzatuv kengashi a’zosi Behzod Botirov O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini noqonuniy tashkil etgani uchun hibsga olindi. Bu haqda Spot xabar berdi.

Qayd etilishicha, Humans guruhiga tegishli UPay to‘lov tashkilotining 6,5 yildan ortiq vaqt davomida bosh direktori lavozimida ishlagan va ilgari Humans top-menejeri bo‘lgan Botirov 4 iyul kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi qarori bilan hibsga olingan. U Jinoyat kodeksining 278-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari — «qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish»ni buzganlikda ayblanmoqda.

«Sud unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘lladi. Sentyabr oyida sud «tergovdan yashirish va dalillarni yo‘q qilish xavfi borligi»ni asos qilib, hibsga olish muddatini 2026 yilning fevraligacha uzaytirdi. Tadbirkorga 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin», - deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid